locale OZ

Kamoliddin Tojiyev: «Ikkinchi bo‘limda nima bo‘lganini bilmadim»

«Paxtakor» bosh murabbiyi «Neftchi» bilan o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Futbol
Kamoliddin Tojiyev: «Ikkinchi bo‘limda nima bo‘lganini bilmadim»
photo: Paxtakor FK
O‘zbekiston Superligasi
23.10.2026, Yak.
Paxtakor Toshkent
1
Neftchi Fargona
3

Turning markaziy to‘qnashuvida «Paxtakor» chempionlik kurashda «Neftchi»ga alamli tarzda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ushbu bellashuvdan keyin «Paxtakor» ustozi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O‘yinni yaxshi boshladik. Birinchi bo‘limni to‘liq tashabbusimiz ostida o‘tkazdik. 3 ta 100 foizli vaziyatimizdan gol ura olmadik. Ikkinchi bo‘limda nima bo‘ldi, bilmayman. Umuman boshqa jamoa chiqdi. «Neftchi» o‘z imkoniyatlaridan foydalandi. Birinchi bo‘limning o‘zida biz 3 ta gol ursak bo‘lardi. Lekin futbol shunaqa narsa. Ikkinchi bo‘limda nima bo‘lganini bilmadim.

- Birinchi bo‘limda «Paxtakor» foydasiga belgilangan penalti va o‘yin oxirlarida jamoangiz zarariga belgilangan penalti haqida nima deya olasiz?

- Biz gol urgan penaltini qaramadim. Oxirgi penaltini bilmadim. Uni qanaqa tahlil qilishadi, bilmayman. Ko‘rib chiqdim, u qadar itargani yoki tortgani ham yo‘q.

- «Paxtakor» OCHLda boshqacha motivatsiya bilan o‘ynayapti. Bugun esa birinchi bo‘limda 5 ta imkoniyat bo‘ldi. Motivatsiya masalasida oqsoqlik bo‘lyaptimi?

- Motivatsiya bilan chiqishgan. Ikkinchi taymda nima bo‘ldi, bilmadim. Buni gaplashamiz, tahlil qilamiz. Ikkinchi taymda umuman boshqa jamoa chiqqandek bo‘ldi. Yutdik deb o‘ylashdi, yigitlar. O‘yinni tahlil qilamiz.

- Zaid Tahsinni holati qanday?

- Bilmadim, tez tibbiy yordam mashinasida ketdi. Shifokor nima bo‘lganini hali aytmadi.

- Ikkinchi bo‘limda nima bo‘lganini bilmadim deyapsiz. Balki tanaffus paytida futbolchilar bilan ko‘proq gaplashishingiz kerakmidi?! «Paxtakor» ustozi sifatida ikkinchi taymda nima bo‘lganini tushunmadim, deyish g‘alati emasmi?

- Ko‘rib chiqamiz. Futbolchilar bilan har bir epizodni gaplashamiz. Ertaga gaplashamiz. Nima bo‘lganini, nega bunday bo‘lganini bilish kerak. Balki birinchi taymda 5 ta imkoniyat yaratgach, ikkinchi bo‘limda ham yana vaziyatlar yaratamiz deb bo‘shashishgandir. Ertaga hammamiz birga tahlil qilamiz.

- 5 ta tur qoldi. Chempionlik masalasi haqida nima deya olasiz?

- 5 ta tur bor. Kim kimni yutishini hech kim 100 foiz bilmaydi. Oxirigacha kurashamiz. Hali imkoniyat yo‘qolgani yo‘q. Ha, biroz pasaygan bo‘lishi mumkin. Lekin imkoniyat yo‘qolgani yo‘q. Chempion bo‘lishga kurashamiz», - deya Kamoliddin Tojiyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting