Mixail Yeremchuk: «O‘tkazilgan gol uchun Yusupovni ayblash adolatdan bo‘lmaydi»
Mixail Yeremchuk: «O‘tkazilgan gol uchun Yusupovni ayblash adolatdan bo‘lmaydi»
«Navbahor»ning yordamchi murabbiyi «Paxtakor»ga qarshi bahsdan keyin o‘z fikrlarini bildirdi.
Namangan bo‘lib o‘tgan «Navbahor» - «Paxtakor» (1:1) bellashuvidan so‘ng namanganliklar yordamchi murabbiyi Mixail Yeremchuk matbuot anjumanida fikrlarini aytib o‘tdi.
- Avvalo, muxlislarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bugun stadionda ajoyib muhit hukm surdi. Bu futbolchilarimizga oldinga intilishda katta yordam berdi.
Afsuski, bunday o‘yinlarda har bir xatoning narxi juda qimmatga tushadi. Birinchi bo‘lib xatoga yo‘l qo‘ygan ham biz bo‘ldik. Ammo yigitlarga tan berish kerak. Ularga oxirigacha harakat qilgani, so‘nggi daqiqalarga qadar himoyalangani uchun katta rahmat aytaman.
Bugun g‘alaba qozonishni juda xohlagandik. Uchrashuvning yakuniy qismidagi harakatlarimiz ham buni tasdiqlaydi. Gol urish uchun bor kuchimiz bilan raqib darvozasi tomon intildik. Afsuski, buning uddasidan chiqa olmadik. Futbol shunaqa.
So‘nggi o‘yinlarda penaltilarni amalga oshirishda nimadir o‘xshamayotgani ham bor gap. Vaholanki, mashg‘ulotlarda yigitlar penaltilarni yaxshi tepishadi. Bu jihat ustida ishlashda davom etamiz.
Standart vaziyatlarga kelsak, bugun ham standartdan gol urdik. OKMKga qarshi uchrashuvda ham standart vaziyatdan gol kiritgandik. Bu komponent ustida ishlayapmiz. Ammo raqiblar ham yaxshi himoyalanishyapti, bizni o‘rganishyapti.
Futbolning har bir jihatida o‘sishimiz kerak. Har bir komponent ustida ishlayapmiz, lekin afsuski, hamma narsa ham doim biz istagandek bo‘lavermaydi. Hatto kuchli jamoalarda ham shunday holatlar kuzatiladi. Biz ham bundan mustasno emasmiz. Ammo bu borada yanada kuchayamiz.
Bugun muxlislarni g‘alaba bilan xursand qilish uchun imkoniyatlarimiz yetarli edi. Yana bir bor ta’kidlayman, biz g‘alaba uchun bor kuchimizni sarfladik va buni juda xohlagandik. Afsuski, natija shunday bo‘ldi.
Yusupovga kelsak, u o‘z saviyasi yuqori bo‘lgan professional darvozabon. Jahon chempionatiga yo‘l olgan milliy terma jamoamiz safidagi o‘yinlari ham buni tasdiqlaydi. Har bir futbolchida, har bir darvozabonda ham shunday davrlar bo‘lishi mumkin. Bugungi gol uchun uni ayblash adolatdan bo‘lmaydi. U o‘tkazib yuborgan golni faqat uning xatosi bilan bog‘lash noto‘g‘ri. Bu bir nechta xatolarning natijasi. Gol o‘tkazib yuborishimizga sabab bo‘lgan vaziyat ancha oldin boshlangan. Nega bunday o‘ynadik, nima uchun vaziyat shu tarzda rivojlandi — asosiy sabablarni shu yerdan izlash kerak.
Keyingi o‘yinlarda vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin. Ammo biz O‘tkirga ishonamiz va unga nisbatan shubhamiz yo‘q.
- Bugungi o‘yindan keyin chempionlik poygasi tugadi, deb hisoblash mumkinmi?
- Hali o‘yinlar bor, hammasi o‘zgarishi mumkin. Doimo ishonish va har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishga intilish kerak. Muxlislarimizni xursand qilish, o‘yinimiz bilan ularga zavq bag‘ishlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Buning uchun bor kuchimizni ishga solamiz va natijaga erishish yo‘lida borimizni beramiz.
- Norchayev va Kojo juftligi asosiy tarkibda maydonga tushishi mumkinmi? Shuningdek, Fernandes bilan bog‘liq vaziyatga izoh bersangiz. Uni anchadan beri maydonda ko‘rmayapmiz. Muammo nimada?
- Aleksning tizzasidan jarohati bor, unga operatsiya qilindi. Hozir tiklanish jarayonini boshlaydi. Umid qilamanki, tiklanish jarayoni yaxshi va tez kechadi. Uni yana maydonda ko‘ramiz, degan umiddaman.
Norchayev va Kojo juftligiga kelsak, bu variantni qo‘llash mumkin. Bugun ham, avvalgi o‘yinda ham gol ura oladigan futbolchilar — Norchayev va Abdurahmonovdan foydalandik. Shunday kombinatsiyani sinab ko‘rdik. Shuning uchun bunday juftlikni ham ko‘rishimiz mumkin.
Hammasi futbolchilarning tayyorgarlik darajasiga bog‘liq. Biz tarkibni tanlashda ularning qay darajada tayyor ekani, mashg‘ulotlarda qanday harakat qilayotgani va o‘zini qanday ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratamiz. Shuningdek, raqibning o‘yinidan kelib chiqib, asosiy taktik rejamiz va o‘yinni kuchaytirish uchun qo‘shimcha rejamiz ham bo‘ladi.
- Penalti tepish oldidan to‘pni boshqa futbolchining olishi ham o‘ziga xos usulga aylangan. Bu nima uchun qilinadi?
- Darvozabonlar penalti tepuvchi futbolchiga ruhiy bosim o‘tkazishga harakat qilayotganini ko‘ryapmiz. Shuning uchun yigitlarimizdan biri to‘pni ataylab oladi, go‘yo penaltini o‘zi tepmoqchidek harakat qiladi. Keyin darvozabon o‘z joyini egallagach, aslida penalti tepadigan futbolchi xotirjam holda to‘pni olib, zarba beradi.
- Jamoada penalti tepish bo‘yicha asosiy mas’ul futbolchi bormi?
- Ha, jamoada penalti tepuvchi asosiy futbolchi bor. Umuman olganda, bizda penaltini amalga oshira oladigan uch-to‘rt nafar futbolchi mavjud. Kim zarba berishini o‘yin davomidagi holat, futbolchining o‘ziga bo‘lgan ishonchi va ruhiy holatidan kelib chiqib belgilaymiz.
- Penaltidan gol urish bo‘yicha aniq bashoratingiz bormi?
- Mashg‘ulotlar yakunida penaltilarni tepib ko‘ramiz. Hatto darvozabonlar ham bir-biriga penalti tepishadi. Shu sababli futbolda hech narsani oldindan istisno qilib bo‘lmaydi.
- Kapadze nechta o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan?
- Adashmasam, bir o‘yinga. Demak, u O‘zbekiston Kubogidagi uchrashuvda maydonga tushishi kerak.
- Shohrux Abdurahmonovning jarohati qanchalik jiddiy?
- Uning son orqa qismida jarohat bor. Jarohatning qay darajada jiddiy ekanini aniqlash uchun MRT tekshiruvidan o‘tkazish kerak. Unga tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz. Keyingi o‘yinlarda jamoamizga yordam bera oladi, degan umiddamiz.
- O‘zbekiston Kubogidagi imkoniyatlaringizga qanday baho berasiz? Kubokni qo‘lga kiritishga ishonasizmi?
- Biz hammamiz bunga umid qilamiz. Bu ko‘p jihatdan o‘zimizga bog‘liq. Harakat qilyapmiz, buning uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz.
Ammo, afsuski, futbolda xatolar bo‘ladi va bo‘laveradi. Ulardan qochib qutulib bo‘lmaydi. Hatto kundalik hayotimizda ham xatoga yo‘l qo‘yamiz. Siz ham, biz ham turli vaziyatlarda adashishimiz mumkin.
Bizning oldimizdagi vazifalar esa o‘zgarmaydi — har bir o‘yinda g‘alaba qozonish va muxlislarni xursand qilish. Chunki ularning bizga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashi juda katta. Bugun ham ularni xursand qilishni juda xohlagandik», - deya Yeremchukning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.