locale OZ

Islom Ismoilov: «Hech qachon hech bir raqibdan oson o‘yin kutmaymiz»

«Neftchi» bosh murabbiyi Farg‘ona derbisidagi g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Islom Ismoilov: «Hech qachon hech bir raqibdan oson o‘yin kutmaymiz»
photo: Neftchi FK
O‘zbekiston Superligasi
16.10.2026, Yak.
Qo'qon-1912
2
Neftchi Fargona
4

Islom Ismoilov: «Hech qachon hech bir raqibdan oson o‘yin kutmaymiz»

«Neftchi» bosh murabbiyi Farg‘ona derbisidagi g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Yosh mutaxassis Superliga va kubokdagi asosiy raqiblarni ham aytdi.

24-tur Farg‘ona derbisi kuzatildi va unda «Qo‘qon-1912» uyida «Neftchi»ni qabul qildi. Gollarga boy o‘tgan uchrashuv 2:4 hisobida farg‘onaliklarning foydasiga hal bo‘ldi.

O‘yindan keyin g‘olib jamoa ustozi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

— Avvalambor, g‘alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. Stadionda ham bizni ashaddiy muxlislarimiz kelib qo‘llab-quvvatlashdi. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Albatta, g‘alaba doim yoqimli. Bo‘lib ham Superligada mavsum tugab boryapti. Har o‘yinni va har bir ochkoni qadri baland. Har bir uchrashuvda o‘zimiz xohlagan natijaga erishish uchun harakat qilyapmiz. Bugungi g‘alabadan xursandmiz. Bu g‘alaba jamoamizni o‘ziga kelib olishi va oxirgi turlarda yana oyoqqa turib olishi uchun bizga suv va havodek zarur edi.

— O‘yindan oldin ko‘pchilik «Qo‘qon-1912» osonlik bilan taslim bo‘ladi, deb o‘ylashgandi. Siz ham shunaqa o‘ylaganmidingiz?

— Hech qachon hech qaysi raqibdan oson o‘yin kutmaymiz. Barcha raqiblarga professional munosabatda bo‘lamiz. Albatta, bu futbol. Maydonga tushgan har bir o‘yinchi borini berishga harakat qiladi. Qo‘qon jamoasi yetarlicha qarshilik ko‘rsatdi. O‘yin qizg‘in kurashlarga boy o‘tdi. Muxlislar ko‘p gol guvohi bo‘lishdi, qizil kartochka ham bo‘ldi. Oson bo‘lishini o‘ylamagandik. Boya aytib o‘tganimdek, har bir ochkoning qadri baland. Buni hamma his qilib turibdi. Shu bois har bir uchrashuvga maksimal darajada tayyorgarlik ko‘ramiz.

— «Neftchi»ga chempionlik uchun bitta asosiy da’vogar kim: «Paxtakor» yoki «Navbahor»?!

— «Paxtakor».

— Kubokda-chi?

- «Navbahor».

— Oxirgi paytlarda jamoangiz ko‘p to‘p o‘tkazib yuborayotgani sizni xavotirga solmayaptimi?

- Ko‘p to‘p o‘tkazib yuborishga kelsak, buni ham tahlil qilib chiqqanmiz. Jamoa mavsum boshida ko‘plab gollar urdi. Juda yuqorida o‘ynadik. Chempionat oxirlayapti. Futbolchilar mavsum davomida yuqori intensivlikni namoyish eta olishmaydi. Baribir bu o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Kamroq gol o‘tkazish uchun himoyaga e’tibor qaratsak ham bo‘ladi. Baribir bizning asosiy g‘oyamiz — ko‘proq hujumkor futbol o‘ynash. Masalaning ikkinchi tomoni, bu — ruhiy holat. Futbolchilarda hayajon har o‘yindan o‘yinga ko‘tarilib boryapti. Buni ham normal qabul qilish kerak. Albatta, bu — bizni o‘ylantiradigan jihat. Boshida kam to‘p o‘tkazgandik. Ikkinchi davrada o‘tkazgan gollarimiz soni ko‘payib ketdi. Bunga bir qancha faktorlar sabab bo‘lishi mumkin. Muhimi, qaysi o‘yinda ko‘p o‘tkazsak ham g‘alaba qozonsak yoqimli bo‘ladi», — deya Islom Ismoilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting