Islom Ismoilov: «Hali chempionlik hal bo‘lgani yo‘q»
25-turning markaziy o‘yinida «Paxtakor» klubi o‘z uyida «Neftchi»ga 1:3 hisobida yutqazib qo‘ydi. Natijada ochkolar farqi 5 taga yetdi.
Uchrashuvdan so‘ng g‘olib jamoa ustozi Islom Ismoilov matbuot anjumanida qatnashib, savollarga javob qaytardi.
- G‘alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. «Paxtakor» maydonida g‘alaba qozonish juda-juda yoqimli holat. Buning uchun juda ko‘p mehnat qildik. Maydonda haqiqiy «Neftchi»ni ko‘rdik, futbolchilar xarakter ko‘rsatishdi. O‘ylaymanki, ishonchli va munosib g‘alabani qo‘lga kiritdik. Farg‘onadan kelib stadionda bizni qo‘llagan va jamoamizga befarq bo‘lmagan barcha insonlarni ham tabriklayman.
- Birinchi taymda «Neftchi»ni harakatlari o‘xshamadi. Bunga nima sabab va tanaffusda siz nimani o‘zgartirdingiz? Chunki ikkinchi bo‘limda jamoa boshqacha kayfiyatda boshqacha o‘ynadi.
- Birinchi taymda ko‘proq ehtiyotkorroq futbolni ko‘rsatishga harakat qilgandik. Sababi, bunday uchrashuvlarda baribir natija birinchi o‘ringa chiqadi. Birinchi davrada chiroyli, hujumkor o‘yinlar o‘ynadik. Afsuski, bu futbolda qadrlanmaydigan narsa. Lobanovskiy ancha yillar oldin aytib ketgan: o‘yin unutiladi, natija tarixda qoladi. Shu bois baribir hujumkor o‘ynab g‘alaba qozona olmaysiz. Ko‘pchilik tomonidan tanqidlar, e’tirozlar bildirildi. Jamoa himoyada ko‘p gol o‘tkazyapti, himoyani to‘g‘rilash kerak, degan har xil tanqidlar bo‘ldi. Baribir bu narsalar xohlaymizmi-yo‘qmi, ta’sir qiladi.
Bu o‘yinda ochko yo‘qotishga haqqimiz yo‘q edi. Hech bo‘lmaganda «Paxtakor»ni o‘tkazib yubormaslik uchun bir ochko ishlashimiz kerak edi. Bu ruhiyat bilan ham bog‘liq. O‘yindan oldin o‘yinchilarga himoyaviy emas, hujumkor sxema – 3-4-3 ni eslab qolinglar dedik. Shunga qaramasdan o‘yin boshida raqibda ham, bizda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Penaltidan so‘ng o‘yin o‘zgarib ketdi. Shundan keyin 4-3-3 sxemasiga o‘tdik. Rejamiz bo‘yicha ikkinchi taymda qanotlarni shundoq ham kuchaytirish edi. «Paxtakor» asosan 60-daqiqalardan keyin o‘zgartirishlar kiritadi, ko‘tarilishni boshlaydi. Shuni hisobga olgan holda Alisher Odilov bilan Abror Ismoilovni ikkinchi bo‘limda maydonga tushirmoqchi edik va shunday ham bo‘ldik. O‘zimiz o‘rgangan sxemaga qaytdik, o‘ylaymanki, ikkinchi taymda raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadik.
- O‘z prinsipingizdan voz kechib, «Neftchi» yana Levchenko taktikasiga qaytib o‘ynadimi? Chunki o‘zingiz aytganingizdek, baribir hujumkor o‘yin qadrlanmaydi dedingiz…
- Bu sxemalar aslida futbolchilarni maydondagi joylashuvi. Jamoani filasofiyasi bitta o‘yin bilan o‘zgarib qolmaydi. Masalan, futbolchilarga himoyaviy o‘ynaymiz deganimiz bilan biz 9 oydan beri hujumkor futbol ko‘rsatyapmiz. Deyarli bu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ra olganimiz yo‘q. Bizda vaqt bo‘lmadi. O‘yinlar orasi zich. Men hech qanaqa prinsipimdan qaytmayman. Baribir himoyani mustahkam qilishga e’tibor qaratdik. Oxirgi paytlarda ko‘p gollarni qarshi hujumlarda qo‘yib yuboryapmiz. Birinchi davrada nimaga bunday bo‘lmagan? Jamoa jismoniy holatdan yuqori notada edi. Asosan raqibni uchinchi zonasida to‘p yo‘qotganimizdan keyin qarshi pressingda juda faol edik. Raqibni qarshi hujumlarga chiqishiga yo‘l bermasdik.
Ikkinchi davraga kelib, mavsum yakunlanayotgani bois o‘yinchilarda charchoq alomatlari sezilgani uchun to‘p yo‘qotilgach, raqibni qarshi hujumga chiqib ketishiga imkoniyat berib qo‘yyapmiz. Mavsum tugayotgani hisobiga futbolchilarda tezlik tushishni boshlaydi. To‘liq himoyaviy taktikaga o‘tib olmaymiz. Lekin mas’uliyatli o‘yinlar oldidan baribir ko‘proq ehtiyotkor bo‘lishga majburmiz. Ammo hali chempionlik hal bo‘lgani yo‘q. Oldindan 5 ta tur bor. Chempionlikka erta, oldimizdagi hamma uchrashuvda yutishimiz kerak.
- 5 ochkolik farq bor. Muxlislar endi xotirjam bo‘lishlari mumkinmi?
- Hech kimni xotirjam bo‘lishiga haqqi yo‘q. Bizni ham bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. Chempionat ko‘rsatyaptiki, uyda «Xorazm» bilan ochko yo‘qotyapmiz. Kutilmagan holatlar ko‘p bo‘lyapti. Barchasi ruhiyatga bog‘liq. Jamoa ruhiyatini yaxshilay olsa istalgan raqibini mag‘lub eta oladi. Faqat qayerdadir ozgina xissiyotlarga berildik, ozgina bo‘shashdik. Futbol bunday narsalarni kechirmaydi.
«Lokomotiv»ga uchralgan mag‘lubiyat katta saboq bo‘ldi. Bu bo‘yicha ham rahbariyatga minnatdorlik bildiramanki, ular juda qiyin ruhiy vaziyatdan jamoani olib chiqib ketishdi. Qo‘llab-quvvatlashdi, Xudo xohlasa, oxirigacha shunaqa davom etadi. Aytganimdek, hali chempionlik hal bo‘lgani yo‘q.
- OCHL oldidan himoyadagi muvozanat xavotirga solmayaptimi? Jokichning jarohati qanday va Marushich ham jarohat tufayli maydonni tark etdi. Ular qachon qo‘shilishadi?
- Muvozanat yo‘qolishga juda ko‘p omillar sabab bo‘ladi. Birinchisi, ruhiy charchoq, ikkinchisi jismoniy charchoq. Uchinchisi, o‘yin intizomi. Chunki muvozanat yo‘qolganidan so‘ng gol yoki raqibda xavfli vaziyat bo‘ladi. Nima uchun oxirgi uchrashuvlar biz uchun qiyin o‘tyapti? E’tibor bersangiz, o‘tgan yili jamoa mavsum yakuniga qadar uchinchi o‘rinda yurgan. Futbolda uchinchi o‘rinda turib o‘ynash bilan birinchi o‘rinda turib o‘ynashni farqi bor. Jadvalda uchinchi o‘rinda turib o‘ynasangiz sizda yo‘qotadigan narsa bo‘lmaydi. Faqat oldinga qarab harakat qilasiz. Ammo birinchi o‘rinda tursangiz, bilasizki, sizni yo‘qotadigan narsangiz bor. Birgina xato sizni pastga tushirib qo‘yishi mumkin. Mavsum boshidan buyon deyarli birinchi o‘rinda turibmiz. Oddiy misol, «Paxtakor» o‘zaro o‘yinlar hisobiga «Navbahor» bilan bahsdan oldin birinchi o‘ringa chiqdi. Lekin Namanganda ochko yo‘qotyapti. Baribir ruhiyatga ta’sir ko‘rsatadi. Chunki jamoa peshqadamga aylanganidan keyin uni saqlab qolishga harakat qiladi. Mavsum tugayotgani hisobiga, biz baribir futbolchilardan ko‘p narsani talab qilaveramiz. Biroq maydonda ijro etadigan ular. Endi shu narsa kuzatilyaptiki, ko‘proq qo‘rquv birinchi o‘ringa chiqyapti. Birinchi o‘rinni yo‘qotib qo‘ymaslik xavfi. Bu ruhiyat bilan bog‘liq. Shuni hisobiga qarorlarimiz noto‘g‘ri bo‘lyapti va himoyada qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yyapmiz. Chunki har bir qarorimizni va pasimizni qo‘rquv bilan amalga oshiryapmiz. Markaziy himoyachilardan bitta pas bilan hujumchini top, deb talab ham qilamiz. Lekin hozir 5 metrga xato qilyapmiz. Holbuki, bu o‘sha futbolchi. Faqat ruhiyat o‘zgaryapti.
Zoran Marushichga kelsak, bugun ko‘p o‘yinchilarimizni orqa son mushaklarida jarohatlar kuzatildi. Klubda ko‘p o‘yinchilar 30 yoshdan yuqori. Shunga qaramasdan intensiv futbolni o‘ynashga harakat qilishyapti. O‘yin tempi yuqori bo‘ldi. Har bir epizodda o‘yinchilar maksimal tezlashishga harakat qilishdi. Shuni hisobiga orqa son mushaklarida tortishish kuzatiladi. Ularni tezroq tiklashimiz kerak. Ikki kundan keyin «Al Ittixod»ga qarshi o‘yin turibdi.
Jokichga keladigan bo‘lsak, ko‘p intervyularda aytganman, «Manchester Siti»da Rodri jarohat olganidan keyin ko‘p uchrashuvlarni boy bergan. Albatta, Jokich jamoa uchun juda muhim futbolchilardan biri edi. Mavsum boshida istalgan murabbiy qaysidir futbolchi atrofiga o‘yin quradi. Zamonaviy futbolda asosan tayanch yarim himoyachisi atrofiga o‘yin quriladi. Jokichni jarohati o‘yinimizga katta ta’sir qildi. Bu vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapmiz. Biroq futbol shunaqaki, ayrim o‘yinchilarni yo‘qligi jamoaga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shunga qaramasdan ikkinchi davradan buyon qolgan o‘yinchilar ham o‘zlarining yuksak mahoratlarini ko‘rsatishyapti. Jamoa uchun borlarini berishyapti», - deya Ismoilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.