Anvar G‘afurov: Termizdan uzoq masofani bosib kelgan muxlislarimizga alohida minnatdorlik bildiraman\"
“Mash'al” - “Surxon” bahsidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Anvar G‘afurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— O‘yin haqida fikrlaringiz?
— Assalomu alaykum. Bugungi o‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, har ikki jamoa ham ochko qo‘lga kiritish uchun harakat qildi. Uchrashuv davomida yetarlicha vaziyatlar yaratildi, biroq ayrim holatlarda futbolchilarimizga sovuqqonlik yetishmayapti, deb o‘ylayman.
Yigitlarning ko‘rsatgan o‘yinidan e’tirozim yo‘q. Ular yaxshi harakat qilishdi va yetarlicha vaziyatlar yaratishdi. Ishonamanki, mehnatlarimiz albatta ijobiy natijalar bilan o‘z aksini topadi.
Men futbolga biroz boshqacha qarayman. O‘yinning sur’ati, dinamikasi va yuzaga kelayotgan vaziyatlar muhim. Futbolda bunday holatlar bo‘lib turadi. Ayrim vaziyatlarda sovuqqonlik yetishmayotganini tan olishimiz kerak.
Shu bilan birga, raqib jamoa ham yaxshi murabbiylar shtabi va malakali futbolchilarga ega. Ular so‘nggi uchrashuvlarda ham yaxshi taassurot qoldirishmoqda. Raqib jamoaga kelgusi o‘yinlarda omad tilayman.
Bizni qo‘llab-quvvatlash uchun Termizdan uzoq masofani bosib kelgan muxlislarimizga alohida minnatdorlik bildiraman. Ularning bizga bo‘lgan ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi juda muhim. Biz ham muxlislarimiz uchun maydonda bor kuchimizni ishga solib, ijobiy natijalarga erishishga harakat qilamiz.