Holand “Barselona” yoki “Real Madrid”ga o‘tish uchun muhim shart qo‘ydi
“Manchester Siti” hujumchisi Erling Holand kelajakda faoliyatini Ispaniya chempionatida davom ettirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Norvegiyalik futbolchi “Real Madrid” yoki “Barselona”ga o‘tishga qarshi emas, biroq yangi klubiga muhim shart qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda El Nacional nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Holand Ispaniya grandlaridan biriga transfer qilingan taqdirda, yangi shartnomasiga tovon puli evaziga klubni tark etish imkonini beruvchi maxsus band kiritilishini istamoqda. Hujumchi kelajakdagi faoliyatini mustaqil boshqarish va zarurat tug‘ilganda boshqa jamoaga o‘tish imkoniyatini saqlab qolishni maqsad qilgan. Ushbu banddagi tovon puli yuqori, ammo boshqa klublar to‘lay oladigan darajada bo‘lishi kerak.
Futbolchining agenti Rafaela Pimenta ham mazkur yondashuvni qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning fikricha, uzoq muddatli shartnoma futbolchining kelajakdagi qarorlarini cheklamasligi lozim. Shu sababli ehtimoliy transfer muzokaralarida nafaqat maosh va transfer summasi, balki tovon puli miqdori hamda uni faollashtirish shartlari muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Hozircha tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
Ma’lumot uchun, 26 yoshli Erling Holand 2022-yildan buyon “Manchester Siti” sharafini himoya qilmoqda. Uning ingliz klubi bilan amaldagi shartnomasi 2034-yilgacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali norvegiyalik hujumchining bozor qiymatini 220 million yevroga baholamoqda.