Ramazon Temirovning UFC 333 turniridagi jangi qachon boshlanadi?
O‘zbekistonlik aralash yakkakurash ustasi Ramazon Temirov 24-oktabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida tashkil etiladigan UFC 333 turnirida navbatdagi jangini o‘tkazadi. Hamyurtimizning raqibi britaniyalik Lone’er Kavanagh bo‘ladi. Jang Toshkent vaqti bilan 25-oktabrga o‘tar kechasi taxminan soat 00:15 da boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda MMA Metaratings nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Temirov va Kavanagh o‘rtasidagi to‘qnashuv turnirning asosiy kardidan joy olgan. Asosiy janglar Toshkent vaqti bilan 24-oktabr kuni soat 23:00 da boshlanadi. O‘zbekistonlik sportchi asosiy karddagi uchinchi jangda oktagonga chiqadi. Jangning boshlanish vaqti undan oldingi bellashuvlarning davomiyligiga qarab o‘zgarishi mumkin.
29 yoshli Ramazon Temirov professional MMA faoliyatida 20 ta g‘alaba va 3 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Uning raqibi, 27 yoshli Lone’er Kavanagh hisobida esa 10 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyat mavjud. Britaniyalik jangchi UFC reytingida oltinchi, Temirov esa o‘ninchi o‘rinda bormoqda. Mazkur bellashuv g‘olibi eng yengil vazn toifasining yuqori pog‘onalariga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, UFC 333 turniri Abu-Dabidagi Etihad Arena majmuasida o‘tkaziladi. Oqshomning markaziy jangida Aleksandr Volkanovski va Movsar Evloyev yarim yengil vazn toifasidagi chempionlik kamari uchun to‘qnash keladi. Shuningdek, Petr Yan va Merab Dvalishvili o‘rtasida ham chempionlik jangi tashkil etiladi.