locale OZ

“Borussiya Dortmund” stadionda telefon ishlatmaydigan muxlislarni mukofotlaydi

Mazkur tashabbus stadionda haqiqiy futbol muhitini kuchaytirish va tomoshabinlarning o‘yinga e’tiborini oshirishni maqsad qilgan.
Futbol
“Borussiya Dortmund” stadionda telefon ishlatmaydigan muxlislarni mukofotlaydi
Foto: Getty Images

Germaniyaning “Borussiya Dortmund” klubi uy uchrashuvlari davomida mobil telefonlardan kam foydalanadigan muxlislarni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi loyihani ishga tushirdi. Mazkur tashabbus stadionda haqiqiy futbol muhitini kuchaytirish va tomoshabinlarning o‘yinga e’tiborini oshirishni maqsad qilgan. Bu haqda “Borussiya Dortmund” klubi rasmiy sayti xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, loyiha Germaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. “Fan Mode” deb nomlangan maxsus tizim klubning mobil ilovasiga joylashtirilgan. Muxlislar uchrashuv davomida telefon ekranini qanchalik kam ochsa, shunchalik ko‘p ball to‘playdi. Eng yuqori natija qayd etgan ishtirokchilar futbolchilar imzosi tushirilgan futbolkalar va klub do‘konida foydalanish mumkin bo‘lgan sovg‘a vaucherlarini qo‘lga kiritishi mumkin.

Dortmund klubi bosh direktori Karsten Kramerning ta’kidlashicha, stadionda minglab muxlislarning birgalikda qo‘shiq kuylashi, jamoani qo‘llab-quvvatlashi va o‘yindagi vaziyatlarga munosabat bildirishi hech qanday texnologiya bilan almashtirib bo‘lmaydigan tajribadir. Shu sababli klub muxlislarni uchrashuv vaqtida ijtimoiy tarmoqlar va mobil telefonlardan foydalanishni kamaytirishga undamoqda. Yangi tizimda qatnashish ixtiyoriy hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, “Fan Mode” loyihasi 24-oktabr kuni “Borussiya Dortmund” va “Ayntraxt Frankfurt” o‘rtasidagi Bundesliga uchrashuvidan boshlab ishga tushiriladi. Bahs Dortmund shahridagi Signal Iduna Park stadionida bo‘lib o‘tadi. Arena 81 mingdan ortiq tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting