Neymar faoliyatini yakunlagach, bir yil futbol bilan shug‘ullanmasligini ma’lum qildi
Braziliya terma jamoasi va “Santos” klubi hujumchisi Neymar professional futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyingi rejalari haqida gapirdi. 34 yoshli futbolchi faoliyatini tugatgach, kamida bir yil davomida dam olishni va o‘zini turli majburiyatlardan ozod qilishni istayotganini bildirdi. Bu haqda Globo Esporte nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Neymar “Varanda Gourmet” YouTube dasturiga bergan intervyusida futbolni tark etganidan so‘ng bir yil hech qanday qat’iy ish rejasi asosida yashamasligini ta’kidlagan. Braziliyalik yulduz o‘sha davrda faqat o‘zi xohlagan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishni rejalashtirmoqda. Biroq futbolchi faoliyatini aynan qachon yakunlashi haqida aniq qaror qabul qilmagan.
Neymar suhbat davomida futbol o‘ynashni juda yaxshi ko‘rishini, biroq televizor orqali uchrashuvlarni tomosha qilishni yoqtirmasligini ham tan oldi. Uning aytishicha, “Barselona” va “PSJ”dagi faoliyati davomida jamoadoshlari dam olish kunlari soatlab futbol tomosha qilgan, ammo bu holat uning asabiylashishiga sabab bo‘lgan. Hujumchi futbol uchrashuvlaridan ko‘ra sportga oid hujjatli filmlarni tomosha qilishni afzal ko‘rishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Neymar 2025-yilda faoliyatini boshlagan “Santos” klubiga qaytgan. Uning Braziliya jamoasi bilan amaldagi shartnomasi 2026-yil 31-dekabrga qadar mo‘ljallangan. Hujumchi kelgusi mavsumda ham professional futbol o‘ynash yoki faoliyatini yakunlash masalasida hali yakuniy qarorga kelmagan.