locale OZ

Rasman: Osiyo kubogi o‘tkaziladigan yillar o‘zgartirildi

Yangi qarorga ko‘ra, musobaqa 2032-yildan boshlab toq yillarda emas, balki juft yillarda tashkil etiladi.
Futbol
Rasman: Osiyo kubogi o‘tkaziladigan yillar o‘zgartirildi
Foto: Getty Images

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Osiyo kubogini o‘tkazish taqvimiga muhim o‘zgartirish kiritdi. Yangi qarorga ko‘ra, musobaqa 2032-yildan boshlab toq yillarda emas, balki juft yillarda tashkil etiladi. Bu haqda OFK rasmiy sayti xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, mazkur qaror 23-oktabr kuni Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilgan OFK navbatdan tashqari kongressida bir ovozdan ma’qullangan. O‘zgarish FIFA tomonidan xalqaro futbol taqvimiga kiritilishi kutilayotgan yangiliklar bilan bog‘liq. Yangi tizim qit’a chempionati va konfederatsiya rahbariyati saylovlari muddatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishga qaratilgan.

Shu tariqa, Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan 2027-yilgi Osiyo kubogi toq yilda tashkil etiladigan so‘nggi musobaqaga aylanadi. Keyingi qit’a chempionati esa 2032-yilda o‘tkaziladi. Bu Osiyo kubogi tarixida 2004-yildan buyon ilk bor musobaqaning juft yillarga qaytishini anglatadi. 2032-yilgi turnirga mezbonlik qiladigan mamlakat hozircha aniqlanmagan.

Ma’lumot uchun, Osiyo kubogi-2027 musobaqasi 7-yanvardan 5-fevralga qadar Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Yangi qaror ushbu musobaqaning belgilangan sanalarini o‘zgartirmaydi. Shuningdek, OFK rahbariyati saylovlari 2027-yilda o‘tkazilib, saylangan mutasaddilar 2028-yil 1-yanvardan o‘z vazifalariga kirishadi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting