Ter Shtegen «Barselona»ni tark etishga yaqin turibdi — manba
«Barselona» darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen faoliyatini «Jirona»da davom ettirishga yaqin turibdi. Bu haqda Sport.es nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Kataloniya klubi nemis darvozaboni bilan xayrlashish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda va bitimga optimistik qaramoqda. «Jirona» esa ikki klub o‘rtasidagi yaxshi ishbilarmonlik aloqalari murosani muvaffaqiyatli yakunlashga yordam beradi, deb umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ilgari OAV «Aston Villa»ning ham ter Shtegen bilan qiziqishi borligi va uni o‘z safiga qo‘shib olish variantini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi.
Manbalar nemis darvozaboni boshqa klubga o‘tishga qiziqish bildirayotganini, buning asosiy sababini esa yaqinlashayotgan Jahon chempionati oldidan Germaniya terma jamoasida o‘z o‘rnini mustahkamlash istagi bilan izohlagan.