locale OZ

Islom Ismoilov: «O‘ylaymanki, ertaga maydonda harakat qiladigan futbolchilar safda bo‘lmagan jamoadoshlarining yo‘qligini sezdirmaydilar»

"Neftchi" ustozi bo‘lajak bahs avvalida o‘z fikrlarini bildirdi.
Futbol
Islom Ismoilov: «O‘ylaymanki, ertaga maydonda harakat qiladigan futbolchilar safda bo‘lmagan jamoadoshlarining yo‘qligini sezdirmaydilar»
Фото: Нефтчи ПФК
Osiyo Chempionlar Ligasi
02.11.2026, 11.00
Tractor
-
Neftchi Fargona
-

"Neftchi" bosh murabbiyi Islom Ismoilov "Traktor"ga qarshi Elit Osiyo Chempionlar ligasi 4-tur doirasidagi o‘yindan oldin matbuot anjumanida ishtirok etdi.

— "Bu o‘yinga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rish uchun bizda vaqt bo‘ldi. Jamoa bo‘lajak uchrashuvga har tomonlama tayyor. Albatta, ertangi raqibimiz Osiyoning kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Eron klublari doimo ijobiy taassurot qoldirib kelgan. O‘ylaymanki, ertaga bizni juda qiziqarli uchrashuv kutmoqda.

— Ertangi bahsda Kofi Kuao hamda Ikrom Aliboyevning yo‘qligi qanchalik bilinadi? Jamoada ularning o‘rnini to‘ldirishga qodir munosib o‘rinbosarlar bormi?

— Albatta, jamoada har bir futbolchining o‘z o‘rni bor. Ertaga nafaqat Ikrom Aliboyev va Kofi Kuao, balki yana ikki-uch nafar futbolchimiz ham maydonga tusha olmaydi. Ular jamoamiz uchun muhim futbolchilar hisoblanadi. Biroq bizda teng kuchli va muvozanatli tarkib shakllangan, barcha futbolchilar o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlay oladilar. O‘ylaymanki, ertaga maydonda harakat qiladigan futbolchilar safda bo‘lmagan jamoadoshlarining yo‘qligini sezdirmaydilar.

— Ertangi uchrashuvda “Neftchi”ning asosiy ustunligi nimada bo‘ladi?

— O‘yinning borishidan kelib chiqib, barcha jabhalarda ustunlik qilishga harakat qilamiz. Bu futbol — oldindan aynan qaysi jihatlarda ustunlik qila olishimizni qat’iy aytib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, ertangi o‘yinda muvaffaqiyatli qatnashib, ijobiy natija qayd etish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Raqib yuqori saviyadagi jamoa bo‘lib, uning tarkibida Eron milliy terma jamoasining bir nechta a’zolari to‘p suradi. Umuman, ushbu Elit ligada birorta ham o‘yin oson kechmayotganini kuzatyapmiz. Barcha raqiblar munosib qarshilik ko‘rsatmoqda.

— “Neftchi” neytral maydonda o‘ynaydi. Farg‘onadan 200 ga yaqin muxlis tashrif buyurdi. Shuningdek, Dubay va Ummondagi vatandoshlarimiz ham kelishayotgani ma’lum bo‘ldi. Jamoa ertaga o‘zini xuddi o‘z maydonida o‘ynayotgandek his qila oladimi?

— Albatta, bu juda quvonarli holat. Muxlislarimiz qanchalik ko‘p bo‘lsa, bu bizning yutug‘imizdir. Jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun muxlislarga barcha sharoitlarni yaratib berayotgani uchun rahbariyatga minnatdorlik bildiraman. O‘zimizni uydagidek his qilishga harakat qilamiz, ammo hech qaysi stadion “Istiqlol”ga yetmaydi. “Istiqlol” biz uchun doimo qadrli. Shunday bo‘lsa-da, ertaga imkon qadar o‘zimizni o‘z maydonimizdagidek tutishga harakat qilamiz.

— “Neftchi”ning o‘yinlar taqvimi ancha tig‘iz. Yetakchi futbolchilarning jarohat olishiga ketma-ket bahslarda to‘liq ishtirok etishi qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

— Bu tabiiy holat va, albatta, o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Sababi, jamoa so‘nggi paytlarda turli musobaqalarda ishtirok etmoqda, turli davlatlarga safar qilyapmiz, har xil iqlim va sharoitlarda o‘yinlar o‘tkazyapmiz. Ba’zida g‘alaba qozonyapmiz, ba’zida mag‘lub bo‘lyapmiz. Bu yerda nafaqat jismoniy, balki ruhiy toliqish ham bor. Mavsum hali yakunlangani yo‘q, eng muhim pallaga kirmoqdamiz. Bu yerda ham natijaga erishish, ham futbolchilarni jiddiy jarohatlardan asrash muhim vazifa hisoblanadi”, - dedi Ismoilov.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting