«Navbahor» gollarga boy vodiy derbisida «Neftchi»ni mag‘lub etdi
Superliga 28-turining markaziy o‘yini 20 noyabr kuni Namanganda o‘tkazildi.
«Navbahor» vodiy derbisi deb nomlanadigan bahsda Farg‘onaning «Neftchi» klubi bilan kuch sinashdi.
26-daqiqada Alisher Odilovning goli «Neftchi»ni hisobda oldinga olib chiqdi. 41-daqiqada Vladimir Jovovich maydondan chetlatilib, mehmonlar rejasini buzib yubordi. Jasur Jaloliddinov shu zahoti hisobni tenglashtirishga erishdi
Ikkinchi bo‘limda «Navbahor» yana ikki bor raqib darvozasiga gol urdi. 53-daqiqada Kojo, 55-daqiqada Diyor Xolmatov mehmonlar darvozasini ishg‘ol etdi. «Neftchi» bunga Kuao goli bilan javob berdi.
Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi va «Navbahor» 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Musobaqa yakunlanishiga 2 tur qolganida «Neftchi» 64 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda va chempionlikka juda yaqin turibdi. Ikkinchi o‘rindagi «Paxtakor» hisobida 59 ochko bor. «Navbahor» 58 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.
Superliga. 28-tur
Navbahor – Neftchi 3:2
Gollar: Alisher Odilov, 26 (0:1), Jasurbek Jaloliddinov, 42 (1:1), Joel Kojo, 53 (2:1), Diyor Xolmatov, 55 (3:1), Koffi Kouao, 77 (3:2).