Ro‘ziqul Berdiyev: «Murabbiy sifatida har ikkala jamoa futbolchilaridan uzr so‘rayman»
«Nasaf» klubi Superliga 27-turida Buxoroda (1:0) yagona gol evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Ushbu g‘alabadan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
— Avvalo, bugungi g‘alaba uchun yigitlarimga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Chunki biz uzoq safarlardan yo‘l bosib keldik. Hatto, 8 soatlab aeroportda to‘xtashimizga to‘g‘ri keldi. Shunga qaramay, futbolchilar maydonda jang qilishdi, xarakter ko‘rsatishdi va muhim g‘alabaga erishdik. O‘yinga kelsak, menimcha, bundan boshqacha ham bo‘lmasligi kerak edi. Uzun to‘plar, kurashlar, standart vaziyatlar. Ko‘proq shunga urg‘u berilgan o‘yin bo‘ldi. Muxlislarni va barcha klub a’zolarini tabriklayman.
— Zafarmurod Abdurahmatov maydonga tushmadi. Bu charchoq bilan bog‘liqmi yoki sport formasida o‘zgarish bormi?
— Zafarmurod va Sardor Bahromov ikkalasi bizda yo‘qotish edi. Oldingi o‘yinda Bahromovda jarohati borligi uchun zaxiraga olgandik. Abdurahmatovning oyog‘ida yengil jarohat borligi uchun bugun tavakkal qilmadik. Bundan tashqari, Murod Rahmatov o‘ynamadi. Shunga qaramay, yigitlar hoxish va ishtiyoq topishdi.
— Siz bilan Mirjalol Qosimovni Karlo Anchelotti va Xosep Gvardiolaga o‘xshataman. Ularni faoliyatida dam olish holatlari kuzatilib turiladi. Masalan, sizda ham qachondir bir-ikki yil dam olish, farzandlari, nabiralari davrasida vaqt o‘tkazyapti, degan holat yuzaga keladimi?
— Albatta, biz ham charchaymiz. Dam olishni istagandim. O‘tgan safar bu haqida gapirdim. Tanaffus yomon bo‘lmasdi. Bu savolga qisqagina aytaman: jamoaga qancha kerak bo‘lsa, shuncha yordam beraman.
Yana bir narsani ta’kidlab o‘tishim kerak, shaxsan o‘zim ikkala jamoa futbolchilaridan uzr so‘rayman. Bunaqa maydonda futbol o‘ynashga majbur qilayotganimiz...Bunday maydonni yaqin atrofda ko‘rmagandim. Futbolchilarning bu maydonga chiqib o‘ynashi ham jasorat. Murabbiy sifatida ikkala jamoa o‘yinchilaridan uzr so‘rayman, bunaqa maydonda ularni o‘ynatishga majbur qilyapmiz. Bu juda og‘ir. Maydon holati yaxshilanadi, deb o‘ylayman», — deya Berdiyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.