43 yoshli jahon chempioni 18 yillik tanaffusdan so‘ng AQSH tashqarisida jang qiladi
O‘rta vazn toifasida jahon chempioni, kubalik Erislandi Lara avstraliyalik Tim Szyuga qarshi bo‘lajak jang oldidan tayyorgarlik jarayoni haqida gapirdi. Bu haqda BoxingScene nashri xabar bermoqda.
43 yoshli bokschi raqibiga qarshi to‘liq 12 raund davomida jang qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Tajribali sportchi yosh jihatdan raqibidan katta bo‘lishiga qaramay, o‘z imkoniyatlariga ishonmoqda.
Qizig‘i, mazkur to‘qnashuv Lara uchun so‘nggi 18 yil ichida AQSH tashqarisida o‘tkazadigan ilk professional jang bo‘ladi. Kubalik bokschi faoliyatining dastlabki davrida Turkiya va Germaniyada ringga ko‘tarilgan edi.
Ma’lumot uchun, professional faoliyati davomida 32 ta g‘alaba, uchta mag‘lubiyat va uchta durang qayd etgan Lara 12-dekabr kuni Avstraliyada o‘z chempionlik kamarini himoya qiladi.