Millatlar ligasi chorak finaliga qur’a tashlandi
UEFA Millatlar ligasining 2026/27 yilgi mavsumida chorak final bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra, sakkizta terma jamoa keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun to‘rt juftlikka ajratildi.
Chorak finaldagi eng e’tiborli to‘qnashuvlardan biri Ispaniya va Fransiya terma jamoalari o‘rtasida kechadi. Shuningdek, Angliya Norvegiya bilan, Germaniya esa Belgiya bilan kuch sinashadi.
Amaldagi chempion Portugaliya terma jamoasiga Niderlandiya raqib bo‘ldi.
Ispaniya — Fransiya
Norvegiya — Angliya
Niderlandiya — Portugaliya
Belgiya — Germaniya
Dastlabki uchrashuvlar 2027 yilning 25–27 mart kunlari, javob bahslari esa 28–30 mart sanalarida o‘tkaziladi.
Musobaqaning yarim final uchrashuvlari 9 va 10 iyun kunlariga belgilangan. Uchinchi o‘rin uchun bahs hamda final 13 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.