Ivan Boshkovich: «Jamoani o‘zgartirishni istamasdim»
Bugun Farg‘onada 26-turning qoldirilgan o‘yini bo‘lib o‘tdi. Unda «Neftchi» klubi «Bunyodkor» darvozasiga javobsiz 4 ta gol urdi.
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Ivan Boshkovich ishtirok etdi.
- O‘yin men kutgandek kechmadi. Nima uchun? Chunki menimcha, dastlabki 15 daqiqadayoq ikkita tezkor gol o‘tkazib yuborishimiz adolatdan emasdi. Biz bu uchrashuvga raqib bilan tengma-teng kurashish uchun tayyorlangan edik. O‘yindan keyingi hislarim shunday… 2:0 hisobidan keyin o‘yinga qaytish qiyin bo‘ldi. Ammo yigitlar harakat qilishdi. Birinchi bo‘limda, menimcha, yaxshi o‘ynadik, biroq o‘zimizda bo‘lgan gol urish imkoniyatlaridan foydalana olmadik.
Ikkinchi bo‘limda ham gol urish imkoniyati paydo bo‘ladi va uchrashuv oxirigacha o‘yinga qaytishga ulguramiz, deb o‘ylagandik. Ammo raqib bizni jazoladi. 3:0 hisobidan keyin esa, menimcha, imkoniyatlarimiz qolmadi.
Shunga qaramay, futbolchilarimga nisbatan hech qanday e’tirozim yo‘q. Nima uchun? Chunki bugun biz ruhan va xarakter jihatidan mag‘lub bo‘lmadik. Bu esa quvonarli holat. O‘ylaymanki, bu bizga qolgan uchta uchrashuvda bor kuchimizni ishga solib, o‘z ochkolarimizni qo‘lga kiritish va oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishda yordam beradi.
- Internetda siz haqingizda turli mish-mishlar tarqaldi. Eshitimizcha, «So‘g‘diyona»ga bosh murabbiy bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomzodlar ro‘yxatida bor ekansiz. Yana u yerga qaytishingiz mumkinmi?
- Agar men «Bunyodkor»ning bosh murabbiyi bo‘lsam, bu yerda mamnuniyat bilan ishlayman. Jamoani o‘zgartirishni istamasdim, chunki «Bunyodkor» katta klub. Jamoamizda juda malakali futbolchilar bor, ularning salohiyati juda yuqori.
Faqat bu yilgi masalani hal qilishimiz kerak. Xudo xohlasa, hammasi iziga tushadi va «Bunyodkor» Superligada saqlanib qoladi. Keyingi mavsumda esa klub munosib bo‘lgan o‘ringa qaytishi kerak. Umuman olganda, hatto keyingi yil uchun ham boshqa ssenariy haqida o‘ylayotganim yo‘q», - deya Boshkovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.