UEFA Rim papasini haqorat qilgan muxlislar sababli Angliyani jazoladi
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Angliya futbol assotsiatsiyasini muxlislarning nomaqbul xatti-harakatlari uchun jazoladi. Bu haqda Britaniyaning The Guardian nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Madridda bo‘lib o‘tgan Ispaniya va Angliya terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda bir guruh angliyalik muxlislar Rim papasini haqorat qiluvchi shiorlarni hayqirgan. Mazkur holat yuzasidan mamlakat futbol assotsiatsiyasi 15 ming yevro miqdorida jarimaga tortildi.
Shuningdek, milliy jamoaning bitta safar uchrashuvi uchun chiptalar sotilishiga shartli taqiq qo‘yildi. Agar kelgusi ikki yil ichida shunga o‘xshash holat takrorlansa, mazkur jazo kuchga kiradi. Angliya futbol mutasaddilari esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda aybdorlarni aniqlashini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 15-noyabr kuni Madridning “Metropolitano” stadionida Millatlar ligasi doirasida o‘tkazilgan bellashuv angliyaliklarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan edi.