locale OZ

«Kvaradona»: «O‘ynayotganingda hamma derazalarga chiqib, uchrashuvni tomosha qiladi. Shunday vaziyatda albatta o‘zgacha nimadir ko‘rsatishing kerak»

«PSJ» va Gruziya milliy jamoasi yulduzi Xvicha Kvaratsxeliya futbol olamidagi ilk kumiri kim bo‘lganini ma’lum qildi.
Eksklyuziv yangiliklar
«Kvaradona»:  «O‘ynayotganingda hamma derazalarga chiqib, uchrashuvni tomosha qiladi. Shunday vaziyatda albatta o‘zgacha nimadir ko‘rsatishing kerak»
photo: gettyimages

«PSJ» va Gruziya milliy jamoasi yulduzi Xvicha Kvaratsxeliya futbol olamidagi ilk kumiri kim bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, u otasining futbolchi sifatida shakllanishidagi o‘rni, Krishtianu Ronaldudan olgan saboqlari va faoliyatining dastlabki yillaridagi qiyinchiliklar haqida gapirdi.

Fransiyaning GQ jurnaliga bergan katta intervyusida Kvaratsxeliya bolalik davrlarini yodga oldi. Uning aytishicha, futboldagi ilk kumiri otasi Badri bo‘lgan. U sobiq futbolchi, keyinchalik murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.

«O‘sha paytlarda YouTube hozirgidek ommalashmagan edi. Shu sababli onam otamning o‘yinlaridan yozib olgan videolarni qayta-qayta tomosha qilardim. U ajoyib futbolchi bo‘lgan, uzoq masofadan juda kuchli zarbalar yo‘llardi. Bir safar Chempionlar ligasi saralash bosqichida xet-trik qayd etgan. Men ham unga o‘xshashni istardim», — dedi gruziyalik futbolchi.

photo: gettyimages

Kvaratsxeliya shunchaki o‘yinlarni tomosha qilish bilan cheklanmagan. U Gruziya ko‘chalarida do‘stlari bilan futbol o‘ynab ulg‘aygan. Turar joy binolari orasidagi maydonlarda o‘tgan bahslarni qo‘shnilar derazalardan kuzatib borishgan.

«Gruziyada Braziliyadagiga o‘xshash, har tomondan binolar bilan o‘ralgan futbol maydonlari bor. O‘ynayotganingda hamma derazalarga chiqib, uchrashuvni tomosha qiladi. Shunday vaziyatda albatta o‘zgacha nimadir ko‘rsatishing kerak», — deya eslaydi Kvaratsxeliya.

Krishtianu Ronaldu ham unga o‘rnak bo‘lgan

Gruziyalik futbolchining shakllanishida Krishtianu Ronalduning ham ta’siri katta bo‘lgan. Ayniqsa, portugaliyalik yulduzning mehnatsevarligi va jismoniy tayyorgarligiga bo‘lgan e’tibori Kvaratsxeliyaga o‘rnak bo‘lgan.

«Dinamo» Tbilisi akademiyasida shug‘ullangan kezlarida u jismoniy tuzilishi nisbatan nozik bo‘lgani sababli o‘zidan katta yoshdagi futbolchilar bilan mashg‘ulotlarda qatnasha olmagan. Shu bois yanada ko‘proq mehnat qilishga kirishgan va Ronalduni o‘ziga namuna qilib olgan.

«Dastlab juda qiyin bo‘lgan. Ammo 16 yoshga to‘lganimda asosiy jamoada o‘ynay boshladim», — dedi futbolchi.

photo: gettyimages

Kvaratsxeliyaning yulduzga aylanish yo‘li oson kechmagan. U dastlab Gruziyaning «Rustavi» klubida to‘p surdi, keyin Moskvaning «Lokomotiv» jamoasiga o‘tdi. Biroq Rossiya klubida o‘zini ko‘rsata olmadi va ko‘p vaqtini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi. Shundan so‘ng yana vataniga qaytdi.

Keyinchalik «Rubin» Qozon unga yangi imkoniyat taqdim etdi. Ushbu jamoada Kvaratsxeliya asosiy tarkib futbolchisiga aylandi, jismoniy jihatdan ancha kuchaydi va Rossiya chempionatida raqiblarini aldab o‘tish hamda darvozaga keskin yorib kirishlari bilan muxlislar e’tiborini qozondi. U ketma-ket ikki mavsum chempionatning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi.

photo: gettyimages

Yevropadagi shubhalardan «Napoli» va «PSJ» yulduzligigacha

Shunga qaramay, Kvaratsxeliyaning faoliyatidagi qiyinchiliklar Rossiyadagi ilk davridan keyin ham davom etdi. «Rubin» safidagi yorqin o‘yinlariga qaramasdan, Yevropaning yirik klublari uni xarid qilishga shoshilmadi.

Gruziya milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Villi Sanyol futbolchini bir nechta Yevropa klubiga taklif qilganini, biroq g‘alati e’tirozlarga duch kelganini aytgan. Ayrim mutaxassislar Kvaratsxeliyaning faqat gruziyalik bo‘lgani uchun G‘arbiy Yevropa futboliga moslasha olishiga shubha bilan qarashgan.

2022 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush boshlanganidan keyin Kvaratsxeliya «Rubin»ni tark etib, vataniga qaytdi va «Dinamo» Batumi safiga qo‘shildi. U ushbu klub safida 11 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Futbolchining o‘zi bu davrni faoliyatidagi eng muhim bosqich deb hisoblaydi.

photo: gettyimages

«Bu ikki oy butun futbolchilik faoliyatimdagi eng muhim davr bo‘ldi», — deya ta’kidladi u.

Gruziyadagi muvaffaqiyat Kvaratsxeliya uchun Yevropaga yo‘l ochdi. «Napoli» uni taxminan 10 million yevro evaziga sotib oldi. Gruziyalik futbolchi 2022/23 yilgi mavsumda jamoaga Italiya chempionligini qo‘lga kiritishda yordam berdi. Uning yorqin o‘yini tufayli muxlislar unga klub afsonasi Diyego Maradonaga ishora qiluvchi «Kvaradona» laqabini berishdi.

2025 yilning yanvarida esa Kvaratsxeliya «PSJ»ga o‘tdi. Parij klubi uning transferi uchun qariyb 70 million yevro sarflagani aytiladi. Gruziyalik futbolchi qisqa vaqt ichida jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi. U klub bilan Chempionlar ligasida ketma-ket ikki mavsum g‘olib chiqib, 2025/26 yilgi musobaqaning eng yaxshi futbolchisi sovrinini ham qo‘lga kiritgan.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting