Jerrard Angliya terma jamoasining g‘alabasini yuqori baholadi
«Liverpul»ning sobiq futbolchisi Stiven Jerrard Angliya terma jamoasining Millatlar ligasidagi so‘nggi uchrashuvda qozongan g‘alabasidan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Yakshanba kuni Tomas Tuxel shogirdlari Madridda amaldagi jahon chempionlarini 3:2 hisobida mag‘lub etishdi.
«Menimcha, Tuxel va uning yordamchisi Entoni Barri shuni yaxshi tushunadi: agar birinchi bir soat davomida namoyish etgan futbolimiz kabi o‘yinni muntazam ko‘rsata olsak, keyingi yirik musobaqada Fransiya va Ispaniya bilan bir qatorda g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biriga aylanamiz», — dedi Jerrard The Overlap Daily efirida.
«Faqat hisob va Ispaniyani o‘z maydonida mag‘lub etganimizga e’tibor qaratib qolmaslik kerak. Raqib tarkibida bir nechta futbolchi yo‘q edi, qolaversa, Angliya terma jamoasining tarkibi ham keyingi musobaqaga qadar o‘zgarishi aniq. Ammo dastlabki 60 daqiqadagi o‘yin bizning keyingi musobaqada g‘olib chiqishga qodir ekanimizni ko‘rsatdi. Eng muhimi ham shu», — deya qo‘shimcha qildi sobiq futbolchi.
Angliya terma jamoasi 1966-yildan buyon yirik xalqaro musobaqalarda g‘olib chiqmagan. Garet Sautgeyt qo‘l ostida jamoa ikki marta Yevropa chempionati finaliga qadar yetib borgan (2021, 2024). Tomas Tuxel boshqaruvida esa joriy yilgi jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egallagan.