Chempionlar ligasini yutolmagan eng kuchli jamoa? 2005-yilgi «Milan» va uning afsonaviy tarkibi
Paolo Maldini, Kaka, Hernan Krespo va boshqa yulduzlardan tuzilgan Karlo Anchelotti jamoasi Istanbuldagi mashhur mag‘lubiyatdan keyin 2007-yilda «Liverpul»dan qasos oldi. Ammo Afinada g‘alaba qozongan tarkib Istanbulda yutqazgan jamoaga nisbatan ancha kuchsizroq edi.

Paolo Maldini 2007-yilgi Chempionlar ligasi finalini deyarli eslay olmaydi. Sababi, afsonaviy himoyachi o‘sha uchrashuvda maydonga tushish uchun juda ko‘p og‘riq qoldiruvchi dori qabul qilgan edi. O‘sha paytda 38 yoshda bo‘lgan futbolchining tizzasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurati bor edi. Shunga qaramay, u Afinada «Liverpul»ga qarshi kechadigan finalni o‘tkazib yuborishni xohlamadi.
Bundan ikki yil avval «Milan» Istanbuldagi mashhur «Mo‘jiza» qurboniga aylangandi. «Liverpul» tanaffusga 0:3 hisobida ortda borib kirganiga qaramay, uchrashuvni tenglashtirib, penaltilar seriyasida g‘alaba qozongandi. Shu sababli Maldini uchun 2007-yilgi finalda faqat bitta maqsad bor edi — qasos olish.
«Bizda yo‘qotadigan narsalar juda ko‘p edi. Agar yana «Liverpul»ga yutqazganimizda, bu mag‘lubiyatni uzoq vaqt unutish qiyin bo‘lardi», — degan edi u GOAL nashriga bergan intervyusida.
«Milan» Gretsiyada g‘alaba qozonish uchun bor kuchini ishga solishga tayyor edi. Biroq 2:1 hisobidagi g‘alabadan keyin bosh murabbiy Karlo Anchelotti ham, yarimhimoyachi Klarens Zeedorf ham jamoa o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish etmaganini tan oldi. Ammo bu endi muhim emasdi.
«Endi bayram qilish navbati bizniki», — degan edi Jennaro Gattuzo.
Shunga qaramay, italiyalik futbolchi 2005-yilgi finaldagi mag‘lubiyat azobi unga «bir umrga» hamroh bo‘lishini tan olgandi. Buning sababi ham bor: 2007-yildagi jamoa bilan Istanbulda mag‘lub bo‘lgan tarkib o‘rtasidagi saviya farqi juda katta edi.
Kaka 2007-yilgi «Milan»ni «ajoyib jamoa» deb ta’riflagan. Ammo u ham Istanbulda maydonga tushgan tarkibning kuchiga tenglasha olmasdi.
«Liverpul»ning sobiq himoyachisi Jeymi Karrager ham bu fikrga qo‘shilgan edi:
«Final oldidan olingan jamoaviy suratga qarasangiz, bu nafaqat o‘sha davrning, balki futbol tarixidagi eng kuchli jamoalardan biri ekanini tushunasiz».
Xo‘sh, unda bunday kuchli jamoa qanday qilib o‘sha mavsumda birorta ham yirik sovrinni qo‘lga kirita olmadi?
Afsonalardan tuzilgan jamoa

Aslida, «Milan» Istanbulda ketma-ket uchinchi Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritish uchun kurashishi kerak edi. 2003-yilda Manchesterda «Yuventus»ni penaltilar seriyasida mag‘lub etgan «rossonerilar» 2004-yilda ham Yevropada yana bir bor hukmronlik qilish uchun barcha imkoniyatlarga ega edi.
Chorakfinalning birinchi uchrashuvida «Deportivo» San-Siroda 4:1 hisobida tor-mor etildi. O‘sha paytda asosiy raqiblarining hammasi ham kutilgan natijalarni qayd etmayotgandi. Biroq javob uchrashuvida kutilmagan voqea yuz berdi.
«Milan» La-Korunyadagi «Riasor» stadionida 0:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu natija Anchelottining o‘zini ham hayratda qoldirdi.
«Bunday natijani kutmagandik. Bu mag‘lubiyatni tushuntirish qiyin. Hozirgi tushkunlikdan chiqish, kuch topish va bor e’tiborimizni Italiya chempionatiga qaratishimiz kerak», — degan edi murabbiy.
«Milan» aynan shunday yo‘l tutdi va besh yillik tanaffusdan keyin Italiya chempionligini qo‘lga kiritdi. Jamoa eng yaqin ta’qibchisi «Roma»dan 11 ochko oldinda mavsumni yakunladi.
Kubok musobaqalaridagi muvaffaqiyatlari bilan tanilgan Anchelotti uchun Skudettoni qo‘lga kiritish alohida ahamiyatga ega edi. Chempionlikdan keyin San-Siroda yangi hukmronlik davri boshlanishiga ishonch kuchaydi. Ayniqsa, 2004-yilgi yozgi transferlar bu umidlarni yanada oshirdi.
«Milan» allaqachon kuchli bo‘lgan himoya chizig‘ini «Latsio»dan Yapp Stamni xarid qilish orqali yanada mustahkamladi. Hujum chizig‘iga esa «Chelsi»dan mavsum oxirigacha ijaraga olingan argentinalik Hernan Krespo qo‘shildi. U o‘sha paytda ham yetarlicha e’tirof etilmayotgan, ammo nihoyatda mahoratli hujumchi edi.
Anchelotti ixtiyorida endi futbol tarixidagi eng kuchli tarkiblardan biri bor edi.
Darvozada Braziliya milliy jamoasining birinchi raqamli posboni Dida, himoyada Kafu, Yapp Stam, Alessandro Nesta va Paolo Maldini bor edi. Yarimhimoyada Andrea Pirlo o‘yinni tashkil etuvchi asosiy futbolchi vazifasini bajarar, unga Jennaro Gattuzo va Klarens Zeedorf yordam berardi. Kaka esa hujumda Krespo va Andrey Shevchenkoga golli vaziyatlar yaratib berardi.
Qisqasi, «Milan» Italiya chempionligi bilan bir qatorda Chempionlar ligasida ham g‘alaba qozonishi kerak edi. Mavsumning katta qismida ham aynan shunday bo‘lishi kutilgandi.
Charchoq alomatlari sezila boshladi

2004/05-yilgi mavsumda «Milan» mutlaqo xatosiz o‘yin ko‘rsatmadi. Biroq bu ko‘proq o‘sha davrdagi A Seriyaning nihoyatda kuchli bo‘lgani bilan bog‘liq edi. Italiya chempionati o‘sha paytda bugungi Angliya Premyer-ligasi kabi raqobatbardosh bo‘lib, deyarli har bir turda jiddiy kurash kechardi.
Anchelotti shogirdlari «Livorno» va «Siena»ga safarda mag‘lub bo‘ldi. Shuningdek, o‘z maydonida «Messina», «Bolonya» va «Breshia» bilan ochko yo‘qotdi.
Shunga qaramay, aprel oyi oxirida «Milan» A Seriya jadvalida birinchi o‘rinda borayotgandi. Faqat to‘plar nisbati bo‘yicha «Yuventus»dan ustun edi. Chempionlar ligasi yarimfinalining dastlabki uchrashuvida esa PSV ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
Aynan shu paytda jamoada charchoq alomatlari sezila boshladi. «Milan» bir vaqtning o‘zida Yevropada muvaffaqiyat qozonish va Fabio Kapello boshchiligidagi deyarli teng kuchli «Yuventus» bilan Skudetto uchun kurashishga majbur edi.
2005-yil 4-may kuni «Milan» Eyndxovendagi javob uchrashuvida PSVga 1:3 hisobida yutqazdi. Biroq Massimo Ambrozinining 90+1-daqiqada urgan goli evaziga safarda kiritilgan gollar qoidasi bo‘yicha finalga yo‘l oldi.
«Hisob 0:2 bo‘lib turganida juda qattiq xavotirga tushdik. Ammo jamoamning eng muhim xususiyati shundaki, qiyin vaziyatda ham futbolchilar kurashni davom ettirishdi. Bu juda kuchli raqibga qarshi kechgan og‘ir jang bo‘ldi», — deya tan olgandi Anchelotti.

Afsuski, bu uchrashuv jamoaning juda ko‘p kuchini oldi. Oradan atigi to‘rt kun o‘tib, «Milan» o‘z maydonida «Yuventus»ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu bahs amalda chempionlik taqdirini hal qiluvchi o‘yin edi.
Shundan so‘ng Anchelotti jamoasining ruhiy va jismoniy jihatdan charchagani yaqqol ko‘zga tashlandi.
«Gazzetta dello Sport» nashrining jurnalisti Antonio Di Roza «San-Siro»dagi uchrashuvdan keyin shunday yozgandi:
«Milan» futbolchilarini ayblash uchun asos yo‘q. «Yuventus»ga qarshi bahs yakunida muxlislarning jamoani olqishlagani ham buning isboti. «Milan» hozir chempionatda ikkinchi o‘rinda bormoqda va oldinda yana 270 daqiqa bor ekan, taslim bo‘lish xato bo‘ladi.
Biroq jamoa Chempionlar ligasi finaliga ham munosib tarzda yetib keldi. Endi futbolchilar kuch yig‘ishi, muvozanatni tiklashi va oxirigacha kurashish uchun zarur energiyani topishi kerak. Eng muhimi, Istanbuldan nufuzli sovrin bilan qaytish lozim».
Ammo bunday bo‘lmadi. «Milan»da deyarli kuch qolmagandi. «Lechche» va «Palermo»ga qarshi ketma-ket duranglar esa Chempionlar ligasi finalidan besh kun oldin Skudetto «Yuventus»ga nasib etishini anglatdi.
Istanbuldagi buyuk «Milan»

Shak-shubhasiz, formadagi keskin pasayishga qaramay, «Milan» Istanbuldagi finalning yaqqol favoriti edi. Jeymi Karragerning o‘zi ham «Liverpul»ni o‘rtacha saviyadagi jamoa deb ta’riflagandi.
«Liverpul» guruh bosqichidan chiqishiga ham ko‘pchilik ishonmagandi. Jamoani keyingi bosqichga olib chiqqan asosiy futbolchi sardor Stiven Jerrard bo‘ldi. Uning «Olimpiakos» darvozasiga kiritgan ajoyib goli inglizlarga pley-off yo‘llanmasini taqdim etdi.
Bundan tashqari, «Liverpul» Premyer-ligada mavsumni beshinchi o‘rinda yakunlagan va chempion «Chelsi»dan 37 ochko ortda qolgan edi. Shunga qaramay, Rafael Benites shogirdlari Yevropa kubogi finaliga qadar «Chelsi» va undan oldin Fabio Kapello boshqaruvidagi «Yuventus»ni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgandi.
Jamoaning hal qiluvchi pallalarda o‘zini ko‘rsata olish qobiliyati «Manchester Yunayted»ning sobiq himoyachisi Yapp Stamni ham xavotirga solgan.
«Liverpul» barcha chiziqlarda sifatli futbolchilarga ega yaxshi jamoa. Ular himoyada tartibli harakat qiladi. Jeymi Karrager juda yuqori saviyadagi markaziy himoyachi. Yarimhimoyada Stiven Jerrard jamoaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Hujumda esa Milan Barosh va Djyibril Sisse tezligi hamda harakatchanligi bilan xavf tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Ayrimlar «Milan»ni favorit deb hisoblayapti, ammo menimcha, bu teng imkoniyatli final», — degan edi Stam hal qiluvchi bahs arafasida.
Biroq dastlabki 45 daqiqa butunlay boshqacha manzarani namoyish etdi.
«Milan» birinchi golni urish uchun hatto bir daqiqaga ham muhtoj bo‘lmadi. O‘ng qanotdan uzatilgan jarima zarbasidan keyin Paolo Maldini to‘pni havodan darvozaga yo‘lladi.
Keyinchalik afsonaviy himoyachi gol urganida nimadir g‘alati yuz berayotganini his qilganini hazil tariqasida aytgan. Ammo birinchi bo‘limda «Milan»ning «Liverpul»dan ustunligi hech kimni ajablantirmasdi.
Har bir pozitsiyada italiyaliklar raqibidan ancha kuchli edi. Jerrard keyinchalik UEFA rasmiy saytiga bergan intervyusida buni shunday eslagan:
«Ularning tarkibida Maldini, Pirlo, Zeedorf, Shevchenko, Kaka bor edi. Deyarli har bir pozitsiyada dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri o‘ynardi».
«Milan»ning asosiy tarkibida zaif nuqta deyarli yo‘q edi. Jamoa ajoyib futbol namoyish etishga qodir bo‘lib, Kresponing ikkinchi goli buning yorqin isboti bo‘ldi.
Kaka o‘z maydonining ichkarisidan nihoyatda aniq uzatma bilan argentinalik hujumchini darvozabon bilan yuzma-yuz qoldirdi. Krespo esa Jerzi Dudek ustidan to‘pni oshirib, chiroyli gol urdi.
Birinchi bo‘lim tugashiga bir daqiqa qolganida kiritilgan ushbu golning sifati va vaqti «Liverpul»ning sobiq hujumchisi Jon Oldrijni ham taslim bo‘lishga majbur qildi.
«Hammasi tugadi. Afsuski, endi bizga mo‘jiza kerak», — degan edi u mahalliy radioga bergan intervyusida.
Ammo «Liverpul» aynan mo‘jiza ko‘rsatdi.
«Bunga ishona olmadik»

Tanaffus paytida Rafael Benites amalga oshirgan taktik o‘zgarishlar va Stiven Jerrardning taslim bo‘lishni istamagani «Liverpul»ning qaytishida muhim rol o‘ynadi. Natijada inglizlar 60-daqiqaga kelib hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Shunga qaramay, Anchelotti keyinchalik «olti daqiqalik telbalik» deb atagan voqealar «Milan»ning ruhiy tayyorgarligi haqida ham ko‘p savollar tug‘dirdi.
Paolo Maldini futbolchilar tanaffus paytida g‘alabani nishonlay boshlagani haqidagi gaplarni doimo rad etib kelgan.
«Tanaffusda nimalar bo‘lgani haqida ko‘p taxminlar tarqaldi. Biz kiyinish xonasiga juda hayajonlangan holda, baland ovozda kirib bordik. Vaziyatni tinchlantirish uchun Anchelotti ham aralashib, hammaga baqirishiga to‘g‘ri keldi.
Odamlar biz g‘alabani nishonlay boshlaganimizni aytishdi. Ammo sardor sifatida men bunga hech qachon yo‘l qo‘ymasdim. Jamoadoshlarim ham bunday qilmagan. Shuning uchun bu gaplar haqiqatdan juda uzoq», — degan edi Maldini.
Biroq «Milan» ikkinchi bo‘limda o‘yin ustidan nazoratni va ruhiy muvozanatni yo‘qotgani shubhasiz. Jerrardning bosh bilan bergan zarbasidan keyin to‘p darvozaga tushdi. Oradan atigi ikki daqiqa o‘tib, Vladimir Shmitser uzoq masofadan zarba berib, hisobni 2:3 ko‘rinishiga keltirdi.
«Biz bu zarbalar ta’sirini darhol his qildik. Uchinchi golni o‘tkazib yuborganimizda esa bunga ishona olmadik», — degan edi Kafu «FourFourTwo» nashriga.
Shunisi e’tiborliki, hisob tenglashganidan keyin «Milan» yana o‘ziga kelib, uchrashuvning qolgan qismida ustunlik qildi. Ammo Jerzi Dudekning Andrey Shevchenko tomonidan yaqin masofadan berilgan zarbani qaytarishi Chempionlar ligasi finallari tarixidagi eng ajoyib seyvlaridan biri bo‘lib qoldi.
Kafuning aytishicha, aynan shu vaziyatdan keyin u penaltilar seriyasi boshlanmasidan avval ham g‘alaba qo‘ldan ketganini tushungan.
«Milan» futbolchilari ruhiy jihatdan sindi. Jamoa beshta penaltidan uchtasini golga aylantira olmadi. Ikki yil avval Manchesterda hal qiluvchi penaltini aniq amalga oshirgan Shevchenkoning zarbasini ham Dudek qaytardi. Shu tariqa «Liverpul» kutilmagan tarzda 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, tarixidagi beshinchi Yevropa kubogini qo‘lga kiritdi.
Shafqatsiz futbol

Bir yil avval La-Korunyadagi mag‘lubiyatdan keyin bo‘lgani kabi, Anchelotti bu safar ham nima deyishni bilmay qoldi. Shunga qaramay, u jamoasining deyarli butun uchrashuv davomida ajoyib o‘yin ko‘rsatganini ta’kidladi va mag‘lubiyatni «munosib tarzda qabul qilganini» aytdi.
Ammo mag‘lubiyatning qanday yuz bergani futbolchilarga juda qattiq ta’sir qildi. Hernan Krespo o‘sha kundan keyingi holatni hatto «dafn marosimiga» o‘xshatgan.
Paolo Maldini esa uchrashuv yozuvini qayta tomosha qilishga faqat bir yildan keyin jur’at topganini tan olgan.
«Faqat shundan keyingina aslida qanchalik yaxshi o‘ynaganimizni angladim. 120 daqiqaning taxminan 110 daqiqasida biz ustunlik qildik. Ammo bu menga futbolning naqadar g‘alati va shafqatsiz o‘yin ekanini yana bir bor eslatdi», — degan edi u GOAL nashriga.
Darhaqiqat, Anchelottining «Milan»dagi sakkiz yillik faoliyati davomida eng kuchli tarkibi aynan 2005-yilgi jamoa bo‘lganiga qaramay, o‘sha mavsumda na Skudetto, na Chempionlar ligasini qo‘lga kirita oldi.
Murabbiyning o‘zi ham keyinchalik buni tan olgan:
«2007-yilda bizda g‘alaba qozonish uchun motivatsiya bor edi. Ammo o‘sha sovrinni sifatdan ko‘ra, qat’iyat va iroda hisobiga qo‘lga kiritdik. 2007-yilgi jamoa texnik jihatdan 2005-yildagisidan kuchsizroq edi».
Bu fikrga qo‘shilmaslik qiyin. 2007-yilgi tarkibda ham Maldini, Pirlo, Zeedorf, Gattuzo va Kaka kabi asosiy futbolchilar bor edi. Biroq Shevchenko, Stam va Krespo allaqachon klubni tark etgandi. 36 yoshli Kafu esa asosiy tarkibdagi o‘rnini Massimo Oddoga boy bergan edi.
Shu sababli «Milan» 2007-yilgi finalda ikki yil avvalgiga qaraganda ancha kuchaygan «Liverpul»ni mag‘lub etish uchun bor kuchini ishga solishiga to‘g‘ri keldi. O‘sha uchrashuvda inglizlar italiyaliklarga nisbatan ikki barobar ko‘proq zarba yo‘llagandi.
Istanbuldagi mag‘lubiyatning alamli xotirasi esa hech qachon yo‘qolmadi. Andrea Pirlo hatto bu voqeani hanuz vaqti-vaqti bilan esiga tushadigan «joniga tekkan azob» deb ta’riflagan.
Buning ajablanarli joyi yo‘q. Chunki Istanbulda sodir bo‘lgan voqeani futbol tarixidan o‘chirib tashlashning iloji yo‘q.
«1970-yilgi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan Braziliya milliy jamoasi ham hisob 0:3 bo‘lib turganida bunday qaytishni amalga oshira olmasdi. Futbolda ko‘plab qaytishlarni ko‘rganman, ammo «Milan»dek yaqqol ustun bo‘lgan jamoaga qarshi bunday holatni hech qachon ko‘rmaganman», — degan edi o‘sha paytda Diyego Maradona.
Karrager aytganidek, 2005-yilgi «Milan» Chempionlar ligasi tarixidagi eng buyuk g‘oliblardan biri sifatida yodda qolishi mumkin edi. Ammo futbol tarixida u eng katta muvaffaqiyatsizliklardan biri bilan bog‘lanib qoldi.
«Men Yevropa kubogi finalida sakkiz marta o‘ynaganman va ulardan beshtasida g‘alaba qozonganman. Ammo odamlar faqat o‘sha bitta finalni eslashadi», — deya afsus bilan aytgandi Maldini UEFA rasmiy saytiga bergan intervyusida.
Istanbuldagi mag‘lubiyat uning xotirasida o‘chmas iz qoldirdi. Hatto 2007-yilgi Chempionlar ligasi g‘alabasi ham bu alamni butunlay yo‘qota olmadi.