Superliga. «Dinamo» Zominda 10 kishi bo‘lib qolgan «So‘g‘diyona»dan ustun keldi
O‘zbekiston Superligasining 27-turi doirasida Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi o‘z maydonida Samarqandning “Dinamo” klubini qabul qilib, imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuv mezbonlar uchun juda omadli boshlandi. Dastlabki daqiqalardayoq Lyupcho Dorievning qanotdan uzatgan to‘pini Javohir Qahramonov raqib darvozasiga joylab, hisobni ochdi — 1:0.
Biroq uchrashuvning 29-daqiqasida yuzaga kelgan vaziyat o‘yinning burilish nuqtasiga aylandi. Samarqandliklarning tezkor qarshi hujumi paytida birga-bir vaziyatga chiqib borayotgan Anvarjon Hojimirzaevni to‘xtatib qolgani uchun “So‘g‘diyona” himoyachisi Nodirjon Soyibov to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi. Bir kishi kam bo‘lib qolgan mezbonlar himoyadagi tartibsizlik evaziga oradan ko‘p o‘tmay gol o‘tkazib yuborishdi: 32-daqiqada Artyom Radayevning uzatmasidan so‘ng Amadu Dumbuya hisobni tenglashtirdi — 1:1.
Ikkinchi bo‘limda uchrashuvning eng keskin va bahsli vaziyati yuzaga keldi. 67-daqiqada Jahongir Abdusalomov mezbonlar jarima maydonchasi ichida yiqildi va bosh hakam Ravshan Abduvohidov dastlab futbolchiga simulyatsiya uchun sariq kartochka ko‘rsatdi. Biroq VAR hakami Firdavs Norsafarovning aralashuvidan so‘ng, monitor oldiga borgan bosh hakam o‘z qarorini o‘zgartirdi — sariq kartochka bekor qilinib, “So‘g‘diyona” darvozasiga penalti belgilandi. 73-daqiqada 11 metrlik jadvalga yaqinlashgan Anvarjon Hojimirzaev imkoniyatdan unumli foydalanib, “Dinamo”ni hisobda oldinga olib chiqdi.
Uchrashuvga yakuniy nuqtani esa 79-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Rasul Yo‘ldoshev qo‘ydi. Haris Haydarevichning uzatmasidan so‘ng Yo‘ldoshev uzoq masofadan darvoza burchagini aniq nishonga olib, mehmondagi irodali g‘alabani ta’minladi — 1:3.
Mazkur g‘alabadan keyin “Dinamo” hisobidagi ochkolar soni 37 taga yetdi va jamoa turnir jadvalida 8-pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Mag‘lub bo‘lgan “So‘g‘diyona” esa 30 ochko bilan 11-pog‘onani band etgan.
O‘zbekiston Superligasi. 27-tur
“So‘g‘diyona” — “Dinamo” 1:3
Gollar: 1:0 — Javohir Qahramonov (2), 1:1 — Amadu Dumbuya (32), 1:2 — Anvarjon Hojimirzaev (73, penalti), 1:3 — Rasul Yo‘ldoshev (79).
“So‘g‘diyona”: Shohruh Isoqov, Zoir Jo‘raboyev, Islom Qobilov, Jamshid Boltaboyev (Petar Michin, 78), Javohir Qahramonov (Shohruz Kamolov, 61), Filip Ivanovich, Lyupcho Doriev, Xondamir Mustafoqulov (Sardor Jamolov, 78), Zabihillo O‘rinboyev (Behruz Asqarov, 33), Abdulazizxon Abdurashidov (Samandarjon Mavlonqulov, 61), Nodirjon Soyibov.
“Dinamo”: Edem Nemanov, Artyom Radaev (Salim Mustafoyev, 89), Mixail Shtefan, Aziz Omonov, Anvarjon Hojimirzaev, Amadu Dumbuya, Jaloliddin Jumaboyev, Jahongir Abdusalomov, Akbar Xudoyberdiyev (Rasul Yo‘ldoshev, 46), Haris Haydarevich (Sanjar Qodirqulov, 89), Edem Seytvaliyev.
Ogohlantirishlar: Haris Haydarevich (48), Amadu Dumbuya (58), Edem Nemanov (59), Artyom Radaev (85).
Chetlatish: Nodirjon Soyibov (29).