PSJga qarshi o‘yindan keyingi mojaro: “Lill” prezidenti to‘rt oyga chetlatildi
Fransiyaning “Lill” klubi prezidenti Olivye Letang hakamlar faoliyatini tanqid qilgani sababli to‘rt oyga futbol bilan bog‘liq rasmiy faoliyatdan chetlatildi. Ushbu qaror Fransiya futbol federatsiyasining apellyatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilindi. Bu haqda AFP axborot agentligi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, mojaro avgust oyida “Lill” va PSJ o‘rtasidagi 2:2 hisobida yakunlangan uchrashuvdan keyin yuzaga kelgan. Letang o‘yinga qo‘shib berilgan vaqt va hakam Erik Vatelyening ayrim qarorlaridan norozilik bildirgan. Keyinchalik u hakamlar rahbariyati hamda futbol tashkilotlariga rasmiy murojaatlar yo‘llagan.
Dastlab “Lill” prezidentiga 20 ming yevro miqdorida jarima belgilangan edi. Biroq Fransiya futbol federatsiyasi ushbu jazoni yetarli emas deb hisoblab, qaror ustidan shikoyat qilgan. Natijada Letang olti oylik diskvalifikatsiyaga uchradi. Jazoning ikki oyi shartli bo‘lib, qolgan to‘rt oyi amalda qo‘llanadi.
Ma’lumot uchun, Olivye Letang avval ham hakamlar faoliyatiga oid bayonotlari sabab intizomiy jazoga tortilgan. Klub rahbariyati yangi qarordan noroziligini bildirib, tegishli tashkilotlarga apellyatsiya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.