Ilia Topuriya Peddi Pimblettga qarshi jang qilish istagini bildirdi
UFCning ikki vazn toifasidagi sobiq chempioni Ilia Topuriya oktagonga qaytish rejalari haqida gapirdi. Gruziyalik va ispaniyalik jangchi 2027-yil aprel oyidan boshlab yana jang qilishni rejalashtirayotganini va navbatdagi raqibi sifatida Peddi Pimblettni ko‘rishni istayotganini ma’lum qildi. Bu haqda ABC Diario nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Topuriya 2026-yil iyun oyida Jastin Getjiga qarshi kechgan jangdagi mag‘lubiyatidan so‘ng ilk bor kelajakdagi rejalari haqida batafsil to‘xtalgan. Sobiq chempion faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni og‘ir qabul qilganini, biroq bu holat uning sportga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirganini ta’kidlagan.
Topuriya oktagonga avvalgidan ham kuchliroq bo‘lib qaytishga va’da berdi. U uzoq yillik raqibi Peddi Pimblett bilan kuch sinashishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, jangchi navbatdagi bellashuvdan keyin faoliyatini yakunlash ehtimolini ham istisno etmagan. Hozircha Topuriya va Pimblett o‘rtasidagi jang UFC tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, Topuriya 2026-yil iyun oyida Jastin Getjiga qarshi UFCning yengil vazn toifasidagi chempionlik jangida to‘rtinchi raunddan keyin texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘lgan edi. Bu uning professional MMA faoliyatidagi ilk mag‘lubiyati hisoblanadi.