Rasman: Vasiliy Lomachenko professional boksga qaytishini e’lon qildi
Uch vazn toifasida sobiq jahon chempioni Vasiliy Lomachenko professional boksdagi faoliyatini davom ettirishga qaror qildi. Ukrainalik bokschi nafaqadan qaytib, Top Rank promouterlik kompaniyasi bilan ko‘p yillik hamkorlik shartnomasini imzoladi. Bu haqda Top Rank rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 38 yoshli Lomachenko yangi tashkil etilgan Loma Power Promotions kompaniyasi orqali Top Rank bilan hamkorlik qiladi. Bokschi ikkinchi yarim yengil vazn toifasida jang o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Uning asosiy maqsadi ushbu divizionda mutlaq jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritish hisoblanadi.
Top Rank rahbari Bob Arum Lomachenkoning ringga qaytishini qo‘llab-quvvatladi. Kompaniya ukrainalik bokschining navbatdagi jangini 2027-yil boshida tashkil etishni rejalashtirmoqda. Biroq hozircha uning raqibi va bellashuv o‘tkaziladigan sana rasman e’lon qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Vasiliy Lomachenko 2025-yil iyun oyida professional faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan edi. Ikki karra Olimpiya chempioni professional ringda 21 ta jang o‘tkazib, 18 ta g‘alaba va uchta mag‘lubiyat qayd etgan. Uning 12 ta g‘alabasi nokaut bilan yakunlangan.