Sergey Lushan: «Kelasi yil Superligada 9ta jamoa bo‘ladi deyishsa hayron qolmayman»
Sergey Lushan: "Kelasi yil Superligada 9ta jamoa bo‘ladi deyishsa hayron qolmayman"
Superliga 26-turdan o‘rin olgan "Mash’al" – "Dinamo" uchrashuvidan so‘ng muborakliklar bosh murabbiyi Sergey Lushan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin haqida fikringiz?
- Doimgidek natija adolatli. Raqib bizga nisbatan yaxshi o‘ynadi. Bizda ham vaziyatlar bo‘ldi, lekin gol ura olmadik. Sen urmasang, senga urishadi.
- Xumoyun Murtazoyev bugun ko‘rinmadi va uni jamoadan ketdi deb eshitdik.
- Doim ham mish-mishlarga ishonmang. Murtazoyev jarohat olgan, u hech qayerga ketgani yo‘q. U kecha o‘zini yaxshi his qilib U-21 jamoamizda 20 daqiqa o‘ynadi.
- "Mash’al" kelasi yilni Proligada o‘tkazadi va rejalar ham shunga ko‘ra o‘zgaradimi?
- Men kelasi yil "Mash’al" bo‘ladimi-yo‘qmi bilmayman. 7-8 oydan beri maosh bermayotgan klub balki 90 foizga yopilib ketishiyam mumkin. Pulimiz yo‘q, homiyimiz yo‘q. Nima bo‘lishini bilmayman. Bilishimcha, hukumat yordami Proliga jamoalariga taalluqli emas, shu bois bir narsa deyish qiyin.
Deyarli har o‘yindan keyin bitta gapni qaytaryapmiz. Nafaqat bizda, Superliganing ko‘p klublarida moliyaviy qiyinchilik bor. Kelasi yil Superligada 9ta klub qatnashadi deyishsa hayron qolmayman. Kimda bosh homiy bo‘lsa yashab ketyapti, homiysi yo‘qlar qiynalib yuribdi. O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz, bu sport tamoyillariga to‘g‘ri keladimi?
Kimdadir pul bor, kimdadir umuman yo‘q. Hozirgi taqsimotni kim o‘ylab topgan bilmayman. Bu nonsens. Sizga aytsam, dunyoning hech bir mamlakatida davlat ko‘magisiz futbol rivojlanmaydi. Balki qaysidir xususiy klubga milliarder o‘z yonidan pul ishlatishi mumkin. Bunday klub mamlakatda 1-2ta bo‘lishi mumkin. O‘z paytidagi "Bunyodkor"ni eslang. Klub homiysi futbolning ashaddiy ishqibozi edi. U ishlagan davrda futbol rivojlandi. Keyin nima bo‘lganini bilasiz.
Yaqinda "Paxtakor"ga hokimiyat 5 milliard so‘m yordam qilganini yozishdi. G‘alati emasmi? Klublarning o‘z homiysi bo‘lishi kerak. U-15 terma jamoamiz FIFA turnirida qaysi o‘rinni egalladi? 42-o‘rinmi? Ha, ular bizning kelajagimiz, lekin familiya bo‘yicha kimdir kimnidir taniydimi? Nari borsa bir-ikki futbolchi tanishdir.
Yaqinda bir gapni eshitib qoldim: nima emish terma jamoa chempionatdan alohida emish. Terma jamoaga o‘yinchilar qayerdan keladi? Agar chempionat bo‘lmasa, terma jamoada kimlar o‘ynaydi? Xorijdan o‘yinchi chaqiramizmi? Biz har kuni turli mavzularda gaplashamiz, lekin nimalar bo‘layotganini hamma ko‘rib bilib turibdi. Baribir qandaydir o‘zgarish bo‘lishi kerak. Hamma o‘zgarish ro‘y berishini kutyapti.