«MYu» Kerrikning kelajagi bo‘yicha qaror qabul qilishga shoshilmaydi
"Aston Villa" bilan durang (4:4) o‘ynab, turnir jadvalining quyi qismiga tushib ketganiga va omadsiz natijalarga qaramay, "Manchester Yunayted" bosh murabbiy Maykl Kerrikning kelajagi borasida shoshilinch qaror qabul qilmoqchi emas. Bu haqda Sky Sports eksklyuziv ma’lumot berdi.
Manba "Manchester Yunayted" rahbariyati murabbiy bilan hozircha xayrlashishga shoshilmayotganining uchta sababini keltirdi.
Birinchidan, muxlislar uning iste’fosini talab qilmayapti. Kerrik hanuzgacha muxlislar ishonchini saqlab qolgan.
Ikkinchidan, klub rahbariyati murabbiylar shtabi hali ham futbolchilar qo‘llab-quvvatloviga ega deb hisoblamoqda. Jamoa a’zolari kurashishdan to‘xtamagan va maydonda bor kuchini ishga solishda davom etmoqda.
Uchinchidan, klubda murabbiy almashishi mavjud muammolarni hal qilishiga ishonch yo‘q.
Terma jamoalar o‘yinlari uchun yuzaga keladigan tanaffus vaqtida klub rahbariyati jamoaning holatini yana bir bor baholab, mumkin bo‘lgan variantlarni ko‘rib chiqmoqchi.
"Manchester Yunayted" so‘nggi 11 ta uchrashuvda atigi bir marta g‘alaba qozondi. Jamoa barcha musobaqalarda raqiblariga 30 ta gol o‘tkazib yubordi. Bu Yevropaning kuchli beshta chempionatidagi boshqa klublardan ko‘proqdir. Bundan tashqari, klub APL tarixidagi eng omadsiz mavsum boshlanishini o‘tkazmoqda.