O‘zbekistonlik ikki bokschi qiz yoshlar Olimpiadasining finaliga chiqdi
Senegal poytaxti Dakar shahrida davom etayotgan IV yozgi yoshlar Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik ikki nafar bokschi qiz finalga yo‘l oldi. Sabrina Chaqomanova va Rushanabonu Isoyeva yarim finaldagi raqiblarini mag‘lub etib, oltin medal uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 54 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ringga chiqqan Sabrina Chaqomanova Qozog‘iston vakilasi Maral Tolepbergenni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. O‘zbekistonlik bokschi finalda kolumbiyalik Evelin Trexos Salasga qarshi jang o‘tkazishi belgilangan.
60 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etayotgan Rushanabonu Isoyeva esa Misr vakilasi Menatella Ibrohim ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa, u oltin medal uchun hal qiluvchi jangda slovakiyalik Karolina Kollarova bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Dakar-2026 yoshlar Olimpiya o‘yinlarida boks bo‘yicha final janglari 12-noyabrga belgilangan. Yarim final bahslari yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida to‘rtta kumush va bitta bronza, jami beshta medal mavjud edi.