Yurist Usman Nurmagomedovni Abu-Dabidagi janjal uchun qanday jazo kutishi mumkinligini tushuntirdi
Rossiyalik yurist Aleksey Gudas Abu-Dabida Merab Dvalishvili bilan yuzaga kelgan janjal sabab Usman Nurmagomedov qanday javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida fikr bildirdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, Birlashgan Arab Amirliklari qonunchiligida jamoat joyidagi mushtlashuv uchun jiddiy jazolar nazarda tutilgan.
Gudas mazkur voqea ishtirokchilariga BAA qonunchiligi bo‘yicha huquqiy choralar qo‘llanishi mumkinligini aytgan. Yurist mamlakatning Jinoyatlar va jazolar to‘g‘risidagi federal qonuni 390-moddasiga ishora qilib, jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq holatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
”Hodisa Abu-Dabida sodir bo‘lganini hisobga olsak, janjal ishtirokchilarini jiddiy oqibatlar kutishi mumkin. BAA qonunchiligiga ko‘ra, jamoat joyidagi mushtlashuv uchun bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, taxminan 2700 dollar miqdorida jarima yoki mamlakatdan deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanishi mumkin. Jabrlangan tomon shikoyat qilishdan bosh tortgan taqdirda ham kuzatuv kameralari yozuvlari asosida tekshiruv o‘tkazilishi mumkin”, — dedi Gudas.
Ma’lumot uchun, Usman Nurmagomedov va UFCning sobiq chempioni Merab Dvalishvili ishtirokidagi janjal 2026-yilning 11-noyabrida Abu-Dabidagi mehmonxonalardan birida yuz bergan. Voqeadan so‘ng tomonlar ishtirokidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Hozircha Nurmagomedovga nisbatan sud hukmi chiqarilgani yoki muayyan jazo tayinlangani rasman tasdiqlanmagan.