Kristian Kivu: «Mxitaryan jamoamiz uchun juda muhim»
Italiyaning «Inter» klubi bosh murabbiyi Kristian Kivu Chempionlar ligasi umumiy bosqichi 3-turidan o‘rin olgan Ukrainaning «Shaxtyor» jamoasiga qarshi o‘yindagi g‘alaba (1:0) haqida fikr bildirdi.
Uchrashuvning 68-daqiqasida «Inter» himoyachisi Alessandro Bastoni qizil kartochka olganidan so‘ng milanliklar o‘yinni bir kishi kam bo‘lib yakunlashdi.
«Agar kuchli sakkizlikdan joy olishni istasak, xatolarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerakligini tushunib turibmiz. Ikkinchi bo‘limda amalga oshirgan o‘zgarishlarimiz jamoaga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi.
Bizga g‘alaba juda zarur edi. Bu g‘alabaga erishish usulimiz jamoaga yanada ko‘proq ishonch bag‘ishlaydi.
Mxitaryan jamoamiz uchun juda muhim. U bizga katta yordam bermoqda. Bu borada boshqa futbolchilarni ham alohida ta’kidlash mumkin», — deya Kivuning so‘zlarini UEFA rasmiy sayti keltirmoqda.