locale OZ

O'zbekiston kubogi. Yarim final uchrashuvlari 24-noyabr kuni o'tkaziladi

Ikki uchrashuv 24-noyabrda o'tkazilishi belgilab olindi.
Futbol
O'zbekiston kubogi. Yarim final uchrashuvlari 24-noyabr kuni o'tkaziladi
Фото: UzPFL

O'zbekiston kubogining ½ final va final uchrashuvlari markazlashtirilgan tizimda o'tkazilishi lozim edi. May oyidagi tanaffus sabab Liga shu oyga reja qilingan Superliganing 4 ta hamda kubok 1/8 final bosqichi uchrashuvlarini mavsumning ikkinchi yarmiga ko'chirishga majbur bo'ldi. Mamlakatning uch klubi xalqaro maydonda ishtirok etayotgani hamda kuz faslidagi FIFA kunlari taqvimni zich holatga keltirdi.

Markazlashtirilgan yarim final va final bo'yicha qaror qabul qilinayotganda mazkur bosqichga yetib kelishi mumkin bo'lgan respublikaning barcha klublari manfaati inobatga olingan bo'lib, poytaxt logistika markazi ekanligi, qolaversa, Toshkent final ostonasiga qadar yetib kelishi mumkin bo'lgan barcha jamoalar uchun markazligi qayd etilgandi. Qolaversa, 2020-yildan buyon kubokning final uchrashuvlari ketma ketlikda viloyatlarda o'tkazildi: Namangan (2020), Samarqand (2021), Buxoro (2022), Qarshi (2023), Farg'ona (2024), Andijon (2025). Shundan kelib chiqib, 2027-yilgi hal qiluvchi uch uchrashuv Toshkentda o'tkazilishi va uchrashuvlar oralig'i uch kunni tashkil etishi bo'yicha barcha klublar bilan kelishuvga erishildi.

Endilikda, xalqaro maydonda ishtirok etayotgan uch klubning musobaqa bilan xayrlashgani taqvimda qo'shimcha kunlar taqdim etadi. 1/8 final bosqichida Paxtakor va Nasaf musobaqadan chiqib ketgan bo'lsa, Neftchi o'z yurishini ¼ finalda to'xtatdi. Yarim finalga qadar yetib kelgan klublar esa yuqoridagi uch jamoa xalqaro musobaqada ishtirok etayotgan davrda O'zbekiston kubogining final uchrashuvi uchun kurash olib borish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Shundan kelib chiqib, Liga ½ finalga qadar yetib kelgan klublar bilan uchrashuv o'tkazdi. Unda noyabr oyidagi FIFA kunlaridan keyingi taqvim masalasida fikr almashildi hamda finalgacha bo'lgan ikki uchrashuv 24-noyabrda o'tkazilishi belgilab olindi.

Musobaqa reglamenti va uning sanalari tasdiqlanayotgan bir vaqtda Toshkent stadionlar soni va sifati bo'yicha yaxshi holatda edi. Biroq keyinchalik Bunyodkor, Jar, Olimpiya kabi stadionlar maydoni ta'mirlash uchun yopildi. Paxtakor stadionida esa qolgan tribunalarni ta'mirlash ishlari davom etmoqda. Shuni inobatga olib, Liga ¼ final oldidan markazlashtirilgan bosqichni vodiyda o'tkazish ehtimoli yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, Namangandagi Markaziy stadion finalni qabul qilishi ishchi reja sifatida kiritilgan bo'lib, yarim final uchrashuvlari Farg'ona va Namangan shaharlarida o'tkazilishi mumkin edi. Buning yagona sharti — yarim finalga qadar yetib kelgan barcha jamoalar mazkur masalaga rozilik bildirishi edi. Andijon, OKMK va Lokomotiv klublari esa barcha masala avvaldan belgilangani bo'yicha qolishiga ovoz berdi.

Shu tariqa Liga 24-noyabr kunga rejalashtirilgan Andijon — Lokomotiv uchrashuvini OKMK stadionida, OKMK — Navbahor uchrashuvini esa Lokomotiv stadionida o'tkazishga qaror qildi. Klublar bilan kelishuvga ko'ra, finalga Toshkent klublari yo'l olsa, hal qiluvchi uchrashuv Toshkentda bo'lib o'tadi. Finalda vodiy qarama qarshiligi kuzatilsa, u holda uchrashuvga Farg'onadagi Istiqlol stadioni mezbonlik qiladi.

Izoh. Final sanasi yarim final uchrashuvlaridan keyin e'lon qilinadi. Yarim finalga qadar yetib kelgan klublar orasidan Andijon Superliganing pley-off bosqichiga qolib ketmaslik masalasini to'la hal qilib ulgurmagan. Shundan kelib chiqib, final sanasiga keyinroq oydinlik kiritiladi. Andijonning pley-offda ishtirok etmasligi aniq bo'lsa yoki klub final chiptasiga ega chiqa olmasa, kubok finali rejadagidan ertaroq o'tkaziladi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting