«PSJ» — «Lion» uchrashuvi belgilangan muddatda o‘tkazilishi kutilmoqda
Fransiya chempionatining 8-turidan o‘rin olgan «PSJ» va «Lion» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv hozircha belgilangan muddatda o‘tkaziladi.
L’Équipe nashri xabariga ko‘ra, bahs 25-oktyabr, yakshanba kuni Toshkent vaqti bilan 00:45 da Parijdagi «Park de Prens» stadionida boshlanishi kerak.
Payshanba kuni kechqurun Parij politsiyasi Fransiya Professional futbol ligasiga (LFP) murojaat qilib, uchrashuvni boshqa sanaga ko‘chirish imkoniyatini muhokama qilishni so‘ragan. Bunga poytaxtda huquq-tartibot idoralari zimmasiga tushayotgan yuqori yuklama va o‘yin xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq qiyinchiliklar sabab bo‘lgan.
Biroq LFP uchrashuvni ko‘chirish haqidagi iltimosni rad etgan. Shu bilan birga, liga vakillari tegishli qaror qabul qilingan taqdirda, hukumat va mahalliy hokimiyat organlari ko‘rsatmalariga amal qilishlarini bildirishgan.
Shu tariqa, hozircha «PSJ» — «Lion» uchrashuvi taqvimda avval belgilangan sanada qolmoqda. Parijda dam olish kunlari turli tadbirlar ko‘pligi sababli shahar ma’muriyati xavfsizlik choralarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Klublar esa vaziyatning keyingi rivojini kutmoqda.