Mourinoning rejasi Arda Gulerga faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o'tkazish imkonini berishi mumkin
«Real» bosh murabbiyi Joze Mourino Arda Guler uchun maxsus reja ishlab chiqdi. Mutaxassis turkiyalik futbolchining imkoniyatlarini yanada ochish va undan maksimal darajada foydalanishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, yarimhimoyachining 2032 yilgacha mo'ljallangan yangi shartnomasi klubning unga bo'lgan ishonchini yana bir bor tasdiqladi.
Arda Gulerning «Real» bilan shartnomasini 2032 yilgacha uzaytirishi Madrid klubi uchun oddiy kelishuvdan ko'ra kattaroq ahamiyatga ega. Turkiya milliy jamoasi a'zosi so'nggi yillarda klubning yosh iste'dodlarni kashf etish bo'yicha mas'ul xodimi Juni Kalafat amalga oshirgan eng muvaffaqiyatli transferlardan biri hisoblanadi. O'shanda «Real» futbolchini qo'lga kiritish uchun «Barselona» bilan raqobatda g'olib chiqqan edi.
Bu kelishuv Madrid klubi Valdebebas akademiyasiga yana bir iqtidorli futbolchi — JJ Gabrielni jalb qilish bo'yicha muzokaralarni yakunlayotgan bir paytda amalga oshdi. Shu jihatdan Guler bilan yangi shartnoma imzolanishi ham klubning kelajakdagi rejalarida muhim o'rin tutadi.
Ispaniyaning «Sport» nashri «Real» kiyinish xonasiga yaqin manbalarga tayanib, Mourino futbolchining joriy mavsumdagi imkoniyatlariga yuqori baho berayotganini yozdi.
«Mourino, agar hammasi rejadagidek ketsa, Guler joriy mavsumda faoliyatidagi eng yaxshi statistik ko'rsatkichlarni qayd etishiga ishonmoqda», — deya ta'kidlaydi nashr manbasi.
Portugaliyalik murabbiy jamoaga qaytganidan buyon Gulerni o'zining alohida e'tiboridagi futbolchiga aylantirdi. Mourino hujumlarni tashkil etishda uning atrofida paslar tizimini shakllantirish, standart vaziyatlardan samarali foydalanish va to'p bilan ishlashdagi kuchli jihatlarini butun jamoa manfaatiga yo'naltirishni rejalashtirmoqda.
Kilian Mbappening Gulerni yangi shartnomasi bilan tabriklab, «Rahmat, endi bugun kechasi xotirjam uxlayman», deya yozgani ham turkiyalik futbolchining rivojlanishi jamoa ichida qanchalik muhim ekanini ko'rsatadi.
Gulerning statistikasi Mourinoning ishonchini oqlamoqda
Arda Guler joriy mavsumda barcha musobaqalarda 19 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
U «Real» safida 14 ta o'yinda 4 ta gol va 6 ta assist qayd etgan. Turkiya milliy jamoasi tarkibida esa 5 ta uchrashuvda bir martadan gol va golli uzatma muallifi bo'lgan.
Shunday qilib, 12 ta golli harakat futbolchini faoliyatidagi eng yaxshi statistik natijalariga yaqinlashtirmoqda. Uning eng ko'p gol urgan mavsumi 2024/25 yilgi mavsum bo'lib, o'shanda 9 ta gol qayd etgan. 2025/26 yilgi mavsumda esa klub va milliy jamoa safida jami 8 ta gol hamda 19 ta golli uzatma amalga oshirib, hujumdagi eng yaxshi ko'rsatkichiga erishgan.
Mourino Gulerning pozitsiyasini o'zgartirmoqchi emas
«Sport» nashri ma'lumotlariga ko'ra, Mourino turkiyalik futbolchining o'yin darajasini yanada oshirish uchun maxsus taktik reja ishlab chiqqan. Unga ko'ra, Guler asosan o'ng qanotda harakat qilishda davom etadi.
Ushbu rejadan maqsad yarimhimoya markazida son jihatdan ustunlik yaratish va Federiko Valverde uchun qanotda bo'sh hudud qoldirishdan iborat. Urugvaylik futbolchining jismoniy imkoniyatlari esa ushbu bo'shliqlardan tezkor hujumlar tashkil etishda foydalanish imkonini beradi.
Aynan shu taktik o'zgarish «Real»ning so'nggi ikki xalqaro tanaffus oralig'ida ketma-ket sakkizta g'alabaga erishishida muhim omillardan biri bo'lgan.
«Mourino hujumlarni nazorat qilish imkoniyatini oshirish uchun Gulerni tanladi», — deyiladi «Sport» nashri xabarida.
Statistik ma'lumotlar ham ushbu qarorning samaradorligini ko'rsatmoqda. FBref ma'lumotlariga ko'ra, Guler La Liga va Chempionlar ligasida maydonda bo'lgan jami 846 daqiqa davomida «Real» 25 ta gol urib, o'z darvozasidan atigi 4 ta gol o'tkazib yuborgan.
Turkiyalik futbolchi maydonda bo'lmagan 594 daqiqada esa madridliklar 19 ta gol urgan va 13 ta gol o'tkazib yuborgan.
Ayniqsa, himoyadagi farq e'tiborga molik. Guler maydonda bo'lmaganida «Real» har 90 daqiqada o'rtacha 1,97 ta gol o'tkazib yuborgan. U ishtirok etgan daqiqalarda esa bu ko'rsatkich 0,43 taga tushgan. Ya'ni, o'tkazib yuborilgan gollar soni qariyb 78 foizga kamaygan.
Guler markazda ham o'ynashi mumkin
Mourino ayrim uchrashuvlarda Gulerni markaziy yarimhimoyachi sifatida, ya'ni «sakkizlik» pozitsiyasida sinab ko'rish variantini ham ko'rib chiqmoqda.
Biroq portugaliyalik mutaxassis futbolchini haddan tashqari chuqur pozitsiyaga tushirish tarafdori emas. Chunki Gulerning eng yaxshi o'yinlari raqib darvozasi yaqinida harakat qilganida kuzatilmoqda.
Shunga qaramay, himoyada zich joylashadigan raqiblarga qarshi bahslarda bunday o'zgarish zaruratga aylanishi mumkin. Bu holatda turkiyalik futbolchi hujumlarni nisbatan chuqurroq hududdan boshqarishi talab etiladi.
Qayd etilishicha, Mourinoning «Real»dagi mavsumi ko'p jihatdan Arda Gulerning o'yinlariga ham bog'liq. Murabbiy va uning yordamchilari futbolchining salohiyatini dastlabki mashg'ulotlardanoq yuqori baholashgan.
Dastlab oddiy samimiy munosabat sifatida boshlangan aloqa vaqt o'tishi bilan yaqin shaxsiy va professional hamkorlikka aylangan.
«Mourino ushbu shartnoma uzaytirilganidan nihoyatda mamnun. U Gulerdan imkon qadar ko'proq foyda olishda davom etishni istaydi», — deya «Real» kiyinish xonasiga yaqin manba so'zlarini keltiradi «Sport».
Agar Mourino ishlab chiqqan reja amalga oshsa, Arda Guler joriy mavsumda nafaqat «Real»ning eng muhim futbolchilaridan biriga aylanishi, balki faoliyatidagi eng yaxshi natijalarini ham qayd etishi mumkin.