Qishki transfer oynasi: yanvar oyida amalga oshishi mumkin bo‘lgan eng yirik transferlar
Qishki transfer oynasi ochilishiga qariyb ikki oy vaqt bor. Shunga qaramay, hozirdanoq ommaviy axborot vositalari yanvar oyida amalga oshishi mumkin bo‘lgan yirik transferlar haqidagi xabarlarga to‘lib ketgan.
Aleks Skott («Bornmut»dan «Chelsi», «Liverpul» yoki «Real»ga)
23 yoshli yarimhimoyachi hujumchi Eli Junior Krupi bilan birgalikda «Bornmut»ning eng yorqin futbolchilaridan biri hisoblanadi.
Yozgi transfer oynasidayoq Aleks Skottni «Manchester Yunayted» va «Chelsi» o‘z safiga qo‘shib olishni istagan edi. Biroq mankunianliklar ma’lum bir bosqichda bu g‘oyadan voz kechdi, londonliklar esa «Bornmut» bilan transfer narxi bo‘yicha kelisha olmadi.
Shunga qaramay, yanvar oyida «Chelsi» Skott transferi bo‘yicha yana bir bor harakat qilishi kutilmoqda. Mish-mishlarga ishonadigan bo‘lsak, «ko‘klar» yosh iqtidor egasi uchun taxminan 120 million yevro to‘lashga tayyor. «Bornmut» ham aynan shu miqdorni talab qilmoqda.
Biroq londonliklar futbolchi uchun kurashda «Liverpul» va Madridning «Real» klublaridan ustun kelishiga to‘g‘ri keladi.
Alex Baena («Atletiko»dan «Arsenal»ga)
«Atletiko»ning ispaniyalik vingери 2026-yilgi Jahon chempionatida kutilmaganda juda yorqin o‘yin namoyish etdi. Baena mundialga asosiy tarkib futbolchisi sifatida bormagan bo‘lsa-da, ikkinchi turdan boshlab start tarkibidan joy oldi va deyarli musobaqa yakuniga qadar yuqori saviyada harakat qildi.
25 yoshli hujumchi yangi klub mavsumida ham o‘z o‘yinini yanada takomillashtirishda davom etdi. Natijada u Londonning «Arsenal» klubi e’tiboriga tushdi.
Taxminlarga ko‘ra, «kanonirlar» Baenani qo‘lga kiritish uchun Martin Subimendini sotishi mumkin. Ushbu transferdan tushadigan mablag‘ ispaniyalik vingerni xarid qilishga yo‘naltirilishi ehtimoldan xoli emas.
Alejandro Balde («Barselona»dan «Manchester Yunayted»ga)
«Barselona» yozdayoq himoyachisi bilan xayrlashishga tayyor edi, biroq futbolchining o‘zi jamoani tark etishdan bosh tortgan. Balde bosh murabbiy Hans-Diter Flikni o‘z o‘yini bilan ishontirishga umid qilgan edi.
Biroq La Liganing yangi mavsumidagi dastlabki to‘qqizta uchrashuvda u faqat bir marta maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘ldi. «Rasing»ga qarshi bahsda (7:1) esa atigi 12 daqiqa harakat qildi.
So‘nggi vaqtlarda Baldening vaziyati biroz yaxshilandi. Biroq Flik ispaniyalik himoyachidan asosan jamoadagi ko‘plab jarohatlar tufayli foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Balde uchun asosiy da’vogar sifatida «Manchester Yunayted» ko‘rsatilmoqda. Mankunianliklar yozdayoq himoya qanotlarini kuchaytirishni rejalashtirgan edi. Ehtimol, yanvar oyida «qizil iblislar» futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qiladi.
Qolaversa, mish-mishlarga ko‘ra, Baldening transfer borasidagi pozitsiyasi o‘zgargan va u boshqa klublar takliflarini ko‘rib chiqishga tayyor.
Lamin Kamara («Monako»dan «Liverpul» yoki «Chelsi»ga)
Yozgi transfer oynasining so‘nggi kuni Lamin Kamara Londonning «Chelsi» klubiga o‘tishi kerak edi. Biroq transfer oynasi yopilishiga bir necha soat qolganida «Monako» senegallik futbolchini sotish fikridan qaytdi.
Monegasklar Folarin Balogun bilan xayrlashishga yaqin turgani sababli Kamarani jamoada saqlab qolishga qaror qildi. Natijada har ikki futbolchi ham klubda qoldi.
Shunga qaramay, yanvar oyida «Chelsi» 22 yoshli markaziy yarimhimoyachi uchun yana kurash boshlamoqchi. Biroq bu safar londonliklarga ancha qiyin bo‘ladi. Chunki Kamaraga «Liverpul» ham qiziqish bildirmoqda.
Aleksey Batrakov («Galatasaroy»dan Yevropaning top-klublaridan biriga)
21 yoshli rossiyalik yarimhimoyachi jahon transfer bozorida eng ko‘p muhokama qilinayotgan futbolchilardan biriga aylangan.
Xorijiy matbuotda Yevropaning deyarli barcha yetakchi klublari Batrakovga qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ular orasida APL grandlaridan tortib «Barselona» va «PSJ»gacha bo‘lgan klublar bor.
Turkiyaga ko‘chib o‘tganidan keyin Batrakov haqiqatan ham ajoyib o‘yin namoyish etmoqda. Ayniqsa, Chempionlar ligasidagi harakatlari e’tiborga molik. Hisobida musobaqada to‘rtta gol mavjud. Bu ko‘rsatkich Rafinyo, Kilian Mbappe va Harri Keynniki bilan bir xil.
Batrakovning «Galatasaroy» bilan shartnomasida 55 million yevro miqdorida tovon puli belgilangan. Bu esa istalgan yirik klubga futbolchini ushbu summa evaziga qo‘lga kiritish imkonini beradi.
Biroq «sherlar» yarimhimoyachi bilan shartnomani qayta ko‘rib chiqish va tovon puli miqdorini 100 million yevroga oshirish ustida ish boshlagan. Agar tomonlar kelishuvga erishsa, futbolchining yillik maoshi 3,25 million yevrodan 5 million yevroga ko‘tarilishi mumkin.
Biroq bu transferda muhim bir jihat bor: qishda Batrakovni istalgan Yevropa klubi sotib olishi mumkin, ammo u yangi jamoasi safida mavsum oxirigacha maydonga tusha olmaydi.
Gap shundaki, rossiyalik futbolchi joriy mavsumda allaqachon ikki klub — «Lokomotiv» va «Galatasaroy» sharafini himoya qilgan. FIFA reglamentiga ko‘ra, futbolchi faqat «bahor-kuz» tizimidagi chempionatga o‘tgan taqdirdagina mavsum davomida uchinchi jamoa safida o‘ynashi mumkin.
Shu tariqa, shartli ravishda «PSJ» yanvar oyida Batrakovni sotib olishi mumkin, biroq yarimhimoyachi mavsum yakuniga qadar «Galatasaroy»da qolishiga to‘g‘ri keladi.
Yana kimlar jamoasini o‘zgartirishi mumkin?
Qishki transfer oynasida «Real»ning 20 yoshli hujumchisi Endrik jamoani tark etishi ehtimoli yuqori. Biroq Madrid klubi yosh forvard bilan butunlay xayrlashishni rejalashtirmayapti. Eng ehtimoliy variant — futbolchini ijaraga berish. Uning uchun ehtimoliy manzillardan biri sifatida «Roma» ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, «Arsenal» yarimhimoyachisi Mikel Merino bilan Ispaniyaning ikki klubi qiziqmoqda. Gap Madridning «Atletiko»si va Bilbaoning «Atletik» klubi haqida ketmoqda.
30 yoshli ispaniyalik futbolchining o‘zi ham vataniga qaytish variantini ko‘rib chiqishga tayyor. Bunga uning «Arsenal» asosiy tarkibidan muntazam joy olmayotgani sabab bo‘lmoqda.
Merino transferi taxminan 30 million yevroga baholanmoqda.