2030-yilgi Jahon chempionatida ham suv ichish uchun tanaffuslar saqlanib qolishi mumkin
2030-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati dasturida suv ichish uchun majburiy tanaffuslar ham saqlanib qolishi mumkin. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
2026-yil 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Meksika va Kanadada o‘tkazilgan Jahon chempionatida ilk bor har ikki taymda uch daqiqalik majburiy suv ichish tanaffuslari joriy etilgan edi.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, FIFAning 2030-yilgi Jahon chempionati televizion translyatsiya huquqlarini sotish bo‘yicha tender hujjatlarida suv ichish uchun tanaffuslar vaqtida reklama roliklarini namoyish etish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Bu esa navbatdagi mundialda ham uchrashuvlarning bunday tanaffuslar bilan o‘tkazilishi ehtimoli yuqori ekanidan dalolat beradi. Qayd etilishicha, FIFA mazkur masala yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, 2030-yilgi Jahon chempionati Ispaniya, Portugaliya va Marokashda 8-iyundan 21-iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning dastlabki uchta uchrashuvi esa Urugvay, Argentina va Paragvayda o‘tkaziladi.