locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Jahongir O‘rozov: \"Dinamo\" uchun barcha o‘yin qiyin o‘tmoqda\"

Futbol 21 iyn 2025 da 11:27
Farhod Fayziyev
Farhod Fayziyev
Ekspert
Jahongir O‘rozov: "Dinamo" uchun barcha o‘yin qiyin o‘tmoqda"
FOTO: Getty Images

O‘zbekiston U-20 terma jamoasi bilan birga Osiyo chempioni bo‘lgan himoyachi Jahongir O‘rozov bugungi kunda Samarqandning "Dinamo" klubida to‘p surmoqda. Sports24.uz sayti futbolchi bilan suhbatlashdi. Intervyu davomida futbolchi "Dinamo"ning mag‘lubiyatsiz seriyasi va Turkiya klubida birga ishlagan murabbiy Arda Turan haqidagi savollarga javob berdi.

- "Dinamo" bu mavsumni ancha ishonchli tarzda boshladi. 11 ta o‘yinda mag‘lubiyatsiz o‘tkazish qanchalik qiyin bo‘ldi?

- Hech bir uchrashuv oson o‘tmadi. Barchasining zamirida mehnat va murabbiylarimizning xizmati yotibdi. Bilasiz, Vadim Abramov juda tajribali va kuchli murabbiy hisoblanadi.

- Ko‘pchilik bu mag‘lubiyatsiz seriyani omad bilan bog‘lamoqda. Sizning fikringiz qanday?

- Men bunday deb o‘ylamayman. Futbolda mehnat qilmay muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Faqat omad tufayli 1-2 ta uchrashuvda yutish mumkin, lekin 11 ta bahsda yutqazmaslik uchun omadning o‘zi yetarli emas.

- "Dinamo" muxlislari haqida qanday fikrdasiz?

- Rostdan ham bizning g‘alabalarimizda "Oq armiy"ning hissasi katta. Ular safarga ham borib, bizni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ba’zi safar uchrashuvlari biz uchun xuddi uydagidek o‘tmoqda.

- O‘tgan mavsum siz Turkiyaning "Eyupspor" klubida o‘ynadingiz. O‘sha payt jamoani Turkiya futboli afsonalaridan biri bo‘lgan Arda Turan boshqarardi. U qanday inson va murabbiy edi?

- Ha, Turan qo‘l ostida bir yil davomida faoliyat olib bordim. Inson sifatida juda ajoyib. Murabbiy sifatida juda talabchan, tartibli va e’tiborli. Mayda detallarga ham katta ahamiyat berardi. Bekorga uni Ukrainadagi "Shaxtyor" klubiga taklif qilishmagan. Yomon murabbiy bo‘lganida, bunday kuchli klub uni chaqirmasdi.

FOTO: Getty Images

- Turanni futbolchilik vaqtida juda ham qizishqon ekanligini ko‘rganmiz. Mag‘lubiyatlardan keyin qanchalik jahli chiqardi?

- Balki futbolchilik davrida qizishqon bo‘lgandir, biroq murabbiy sifatida unday holatda ko‘rmaganman. To‘g‘ri, futbolda mag‘lubiyatlar ham uchrab turadi, ammo yutqazib qo‘yganimizdan keyin futbolchilarga baqirmasdi. Har birimiz bilan yaxshi gaplashardi.

- Turan mashg‘ulotlarga kech qoladigan, tartibni buzadigan futbolchilarga qanday jarimalar belgilangan? Siz ham jarima to‘laganmisiz?

- Yuqorida aytganimdek, u tartibni juda yaxshi ko‘rardi. Turli mayda jarimalar belgilangan, ammo men hech qachon jarima to‘lamaganman. Chunki barchasini vaqtida va to‘g‘ri bajarganman.

- Turan "Shaxtyor" klubiga bosh murabbiy bo‘ldi. Bu jamoada yaxshi ishlab ketishiga qanchalik ishonasiz?

- To‘g‘ri, qiyin bo‘ladi, chunki murabbiy sifatida ilk bor xorij klubida ishlaydi. Bundan tashqari, u hali ancha yosh murabbiy hisoblanadi. Biroq ancha intiluvchan va kurashuvchan. "Shaxtyor" uning uchun yangi chaqiriq. Klub Yevropa ligasi saralashida o‘ynaydi, agar guruh bosqichiga olib chiqa olsa bu katta yutuq bo‘lardi. Uning imkoniyatlarini bilgan futbolchi sifatida aytaman – Turan buni uddalaydi va bu klubda muvaffaqiyatga erisha oladi.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting