locale OZ

Ronaldinoning futbolga qaytishi: shunchaki reklama loyihasimi yoki haqiqiy kambek?

46 yoshli braziliyalik afsona Ronaldinyo professional futbolga qaytishga tayyorlanmoqda.
Eksklyuziv yangiliklar
Ronaldinoning futbolga qaytishi: shunchaki reklama loyihasimi yoki haqiqiy kambek?
photo: goal.com

46 yoshli braziliyalik afsona Ronaldinyo professional futbolga qaytishga tayyorlanmoqda. Italiyaning uchinchi divizionida ishtirok etuvchi «Ravenna» klubi sobiq futbolchi yakshanba kuni maydonga tushishini ma’lum qildi.

Joriy yilning iyun oyida «Ravenna» Ronaldinyo bilan shartnoma imzolaganini e’lon qilganida, ko‘pchilik buni shunchaki reklama loyihasi sifatida qabul qilgandi. Axir futbol tarixidagi eng sevimli futbolchilardan biri 46 yoshida faoliyatini qayta boshlashiga ishonish qiyin edi.

Biroq bu safar hammasi jiddiyga o‘xshaydi. 2005-yilgi «Oltin to‘p» sohibi Italiya chempionatining uchinchi divizionida to‘p suruvchi «Ravenna» safida maydonga tushadi. Klub tarixida ilgari hech qachon A Seriyada ishtirok etmagan.

«Ravenna» prezidenti Ignatsio Sipriani dastlabki kunlardanoq Ronaldinyo mahalliy raqib «Forli»ga qarshi derbi uchrashuvida debyut qilishini orzu qilayotganini yashirmagan edi. Endilikda bu reja amalga oshishi kutilmoqda. Braziliyalik futbolchi yakshanba kuni Bruno Benelli stadionida bo‘lib o‘tadigan C Seriya uchrashuvida ishtirok etishi mumkin.

Xo‘sh, aslida nima bo‘lmoqda? Ronaldinyo nega futbolga qaytmoqda? Bu faqat bitta uchrashuv uchunmi yoki braziliyalik afsona haqiqatan ham faoliyatini davom ettirmoqchimi?

«Jogo bonito» timsoli

photo: gettyimages

Ignatsio Sipriani 2024-yil iyun oyida o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharning «Ravenna» klubini sotib olganida, asosiy maqsadi yoshlarni futbolga oshno qilish ekanini ta’kidlagan edi. Uning fikricha, buning eng yaxshi yo‘li bolaligidan muxlislik qilib kelgan futbolchisi Ronaldinyoni jamoaga olib kelish edi.

«Menimcha, futboldan Ronaldinyochalik zavq va muhabbat uyg‘otadigan boshqa futbolchi yo‘q», — degan edi Sipriani Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida.

Darhaqiqat, Ronaldinyoni yoqtirmaydigan futbol muxlisini topish qiyin. U butun dunyoda hurmat va mehr qozongan, o‘ziga xos o‘yin uslubi bilan «jogo bonito» — chiroyli futbol timsoliga aylangan afsonalardan biridir.

Biroq Siprianining rejasida bitta jiddiy muammo bor edi. Ronaldinyo 2018-yilda, 37 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunlagan, professional darajada esa oxirgi marta 2015-yilda «Fluminense» safida maydonga tushgan edi.

Shunga qaramay, Sipriani va braziliyalik sobiq futbolchi o‘rtasida yaqin do‘stlik shakllangan. Ularni Ronaldinyoning «Milan»dagi faoliyati davomida tez-tez borib turgan mashhur Giannino restorani sobiq hammuallifi Lorenso Tonetti tanishtirgan.

Shu sababli «Ravenna» rahbari Ronaldinyoga professional futbolga qaytish taklifini bildirganida, braziliyalik futbolchi darhol rozi bo‘lgan.

«Ronni bilan hammasi shunday kechadi. Agar zavqlanish va odamlarga quvonch ulashish imkoniyati bo‘lsa, u hech qachon ortga chekinmaydi», — deya ta’kidlagan Sipriani.

Bu shunchaki marketing loyihasi emas

photo: gettyimages

Ronaldinyoning hayotdan zavq olishni yaxshi ko‘rishi hech kimga sir emas. U avgust oyida Ravennada tashkil etilgan tantanali tadbirda muxlislar tomonidan katta hayajon bilan kutib olinganidan chuqur ta’sirlanganini yashirmagan.

«Men aynan shuning uchun qaytdim! Endi tushundingizmi?» — degan edi u o‘zini kutib olgan muxlislarga qarata.

Shunga qaramay, jurnalistlar Ronaldinyo haqiqatan ham rasmiy uchrashuvda maydonga tushadimi yoki yo‘qmi, degan savolga aniq javob ololmagan edi. Sipriani futbolchi kamida bir marta jamoa safida o‘ynashini, yakshanba kungi uchrashuvdan keyin esa yana maydonga tushishi mumkinligini aytgan.

Biroq bu kelishuv faqat futbol bilan cheklanmaydi.

«Ronaldinyo o‘zining R10 nomli sport kiyimlari brendini ham yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu borada Maykl Jordan modeliga o‘xshash loyihani amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. “Ravenna” esa ushbu brend liboslarini kiyadigan birinchi jamoa bo‘ladi», — degan edi klub prezidenti.

Hamkorlikning tijoriy samarasi allaqachon sezila boshlagan. Italiyaning Maneskin rok guruhi a’zosi Damiano David avgust oyida ijtimoiy tarmoqlarda Ronaldinyo ismi tushirilgan «Ravenna» libosini qayerdan sotib olish mumkinligi haqida so‘ragan. Biroq cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan dastlabki liboslar allaqachon sotilib bo‘lingan edi.

Keyinchalik mahsulotlar zaxirasi to‘ldirildi va hozirda Ronaldinyo bilan bog‘liq turli esdalik buyumlari hamda liboslarni internet orqali va stadiondan xarid qilish mumkin.

Klub yakshanba kungi derbiga bo‘lgan katta talab sababli stadionda qo‘shimcha maxsus joylarni ham tayyorlagan.

Eng qizig‘i, Ronaldinyo «Ravenna»ga faqat futbolchi sifatida qo‘shilmayapti.

«Ronaldinyo bu yerga o‘z faoliyatidagi so‘nggi golni urishdek o‘ziga xos va romantik maqsad bilan keldi. Biroq uning klubdagi ishtiroki shunchaki yuzaki harakat yoki jamoamiz haqida gap-so‘zlarni ko‘paytirishga qaratilgan marketing loyihasi emas. Ronaldinyo klub aksiyadorlaridan biriga ham aylanadi», — degan Sipriani.

«Komo»ning navbatdagi loyihasimi?

photo: gettyimages

Hozircha asosiy e’tibor Ronaldinyoning yakshanba kungi uchrashuvda maydonga qaytishiga qaratilgan. «Ravenna» bosh murabbiyi Andrea Mandorlini braziliyalik futbolchi taxminan 30 daqiqa o‘ynashini ma’lum qilgan.

Qizig‘i, Ronaldinyo jamoaga kelganidan keyin ilk bor mashg‘ulotlarda faqat juma kuni ishtirok etgan. Shunga qaramay, uning maydonga tushishi katta shov-shuvga sabab bo‘lmoqda.

Uchrashuv chiptalari odatdagi narxidan ikki baravar qimmat sotilmoqda. Bundan tashqari, mazkur voqea uchun stadionda maxsus «R10» nomli vaqtinchalik tribuna ham barpo etilgan.

«Ravenna» prezidenti Ronaldinyo tufayli butun futbol olamining e’tibori odatda ko‘pchilik nazaridan chetda qoladigan Italiya quyi divizioniga qaratilayotganidan mamnun.

«Jahon chempionati vaqtida Ronaldinyo va «Ravenna» haqidagi xabarlar butun dunyoga tarqaldi. Bu kichik shaharlardagi futbol klublari ham xalqaro miqyosda e’tibor qozonishi mumkinligini ko‘rsatdi. Agar biz chempionatga bo‘lgan qiziqishni oshira olsak, bundan butun liga manfaat ko‘radi. Bu teletranslyatsiya huquqlari, homiylik shartnomalari va stadionlarga tashrif buyuruvchilar soniga ham ijobiy ta’sir qiladi», — deya fikr bildirgan Sipriani.

Aslida, Ronaldinyo bilan bog‘liq loyiha «Ravenna» uchun yanada katta maqsadlar sari tashlangan ilk qadam hisoblanadi.

«Buni ochiq aytaman: «Ravenna» A Seriyaga chiqishi va kelajakda Yevropa miqyosida raqobatlashishi kerak. Buning uchun vaqt, sabr va mustahkam infratuzilma zarur. Ammo biz aynan shu yo‘nalishda harakat qilyapmiz», — degan klub prezidenti.

Uning ta’kidlashicha, Ronaldinyo jamoaga faqat bir kechalik futbolchi sifatida kelmagan. U klubning xalqaro elchisi va uzoq muddatli loyihasining hamkoriga aylanadi.

Sipriani «Ravenna»ning yuqori divizionlarga ko‘tarilishi uchun Ronaldinyoning mashhurligi yetarli emasligini yaxshi tushunadi. Shu sababli u «Milan»ning sobiq bosh direktori va sport direktori Ariedo Braidani klub vitse-prezidenti lavozimiga jalb qilganini ham muhim yutuq deb hisoblaydi. Hozirda 80 yoshda bo‘lgan Braida klub loyihasiga katta tajriba va ishonch olib kirishi kutilmoqda.

Shu sababli «Ravenna»ni allaqachon Italiyaning yana bir istiqbolli loyihasi — «Komo» bilan taqqoslashmoqda.

«Bunday taqqoslash biz uchun faxr, albatta. Ammo asosiy farq shundaki, klubimizning egaligi mahalliy va u bevosita jamiyatimiz bilan bog‘liq. Ravenna — mening uyim. Butun umrimdagi orzum shu hududdagi yosh futbol muxlislarini o‘z shahrining klubiga muxlislik qilishga undash bo‘lgan», — deydi Sipriani.

Klub rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda yangi va zamonaviy mashg‘ulot markazi qurilmoqda. Loyiha kelasi yilning yanvar oyiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng stadionni yangilash va kelajakda ofislar hamda «Hotel Cipriani» majmuasini o‘z ichiga oladigan yangi arena qurish masalasi ko‘rib chiqiladi.

«Bizda rejalar va katta maqsadlar ko‘p. Ronaldinyo loyihasi esa bularning barchasi uchun boshlang‘ich nuqta, xolos», — deya xulosa qilgan «Ravenna» prezidenti.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting