Argentinada mojaro: Messi o‘z obro‘siga putur yetishining oldini olmoqchi
Lionel Messi Argentina futbol assotsiatsiyasi atrofida yuzaga kelgan mojaro va shubhali moliyaviy operatsiyalardan o‘zini chetga olishga qaror qilganga o‘xshaydi. Assotsiatsiya prezidenti Klaudio «Chiki» Tapia bilan munosabatlari keskinlashgan argentinalik futbolchi yillar davomida hamkorlik qilib kelgan tashkilot bilan bog‘liq mojarolar uning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.
Argentinaning nufuzli «Clarín» nashri jurnalist Nikolas Vinazkining maqolasida Messi va Argentina futbol assotsiatsiyasining amaldagi rahbariyati o‘rtasidagi shaxsiy hamda tijoriy munosabatlar izdan chiqqani haqida xabar berdi. Milliy jamoa sardori tashkilot atrofidagi mojaro va shubhalar fonida o‘z nomi hamda obro‘sini himoya qilishga intilmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, kelishmovchiliklar shaxsiy munosabatlar doirasidan chiqib ketgan va yaqin haftalarda huquqiy jarayonga aylanishi mumkin. Messi o‘z nomi, suratlari va reklama materiallaridan tijoriy maqsadlarda foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy huquqiy hujjat tayyorlash uchun mutaxassislarga murojaat qilgan.
Moliyaviy shubhalar munosabatlarni keskinlashtirdi
Mojaroning asosiy sababi Argentina futbol assotsiatsiyasi mablag‘larini boshqarish bilan bog‘liq shubhalar ekani aytilmoqda. Xususan, tashkilot prezidenti Klaudio Tapia va xazinachisi Pablo Tovigginoning faoliyati diqqat markazida turibdi.
Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Argentina klublariga yo‘naltirilishi kerak bo‘lgan katta miqdordagi mablag‘larning yakuniy manzilini yashirish maqsadida xorijda bir nechta kompaniyalar tashkil etilgan bo‘lishi mumkin.
Messining oilasiga yaqin manbalar «Clarín» nashriga futbolchi o‘z nomining ushbu shubhalar bilan bog‘lanishini istamasligini bildirgan. Messi ko‘p yillar davomida nafaqat maydondagi yutuqlari, balki maydon tashqarisidagi xulq-atvori va shaxsiy imiji orqali ham xalqaro miqyosda yuksak obro‘ qozongan.
Nashr qayd etishicha, bu inqiroz birdaniga yuzaga kelmagan. Argentina futbol assotsiatsiyasi rahbariyatining Messi oilasi bilan kelishmasdan qabul qilgan ayrim qarorlari avval ham xalqaro homiylar bilan tijoriy kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan.
Eng katta muammolardan biri so‘nggi Jahon chempionati vaqtida yuzaga kelgan. O‘shanda Tapia assotsiatsiya homiysi bo‘lgan argentinalik brendga Messi ishtirokidagi yirik reklama kampaniyasini amalga oshirishga ruxsat bergan. Vaholanki, futbolchining boshqa bir Amerika brendi bilan reklama shartnomasi mavjud edi.
Natijada Messi oilasi xalqaro homiylarga uning surati nega raqobatchi brend reklamasida paydo bo‘lganini tushuntirishga majbur bo‘lgan.
Messi o‘z nomidan tijoriy foydalanishni taqiqlamoqchi
«Clarín» xabariga ko‘ra, Messi mutaxassislarga huquqiy hujjat tayyorlashni topshirgan. Ushbu hujjat Argentina futbol assotsiatsiyasiga rasmiy talab sifatida yuborilishi mumkin. Unda Tapia va boshqa mansabdor shaxslardan futbolchining ismi, suratlari hamda audiovizual materiallaridan har qanday tijoriy yoki reklama faoliyatida foydalanishni zudlik bilan to‘xtatish talab qilinadi.
Hujjat qachon yuborilishi borasida manbalar fikri turlicha. Ayrimlari u allaqachon assotsiatsiyaga yetib borganini aytsa, boshqalari tayyorlanganini va yuborishga shay holatda ekanini bildirmoqda.
Har qanday holatda ham, bunday hujjatning tayyorlanayotgani Messi va assotsiatsiyaning amaldagi rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlar qanchalik keskinlashganini ko‘rsatadi. Holbuki, ular uzoq yillar davomida yaqin hamkor bo‘lib kelgan.
Messining xayrlashuv uchrashuvi ham mojaro soyasida qoldi
Argentina milliy jamoasining Benin bilan o‘tkazgan xayrlashuv uchrashuvi ham ushbu kelishmovchiliklardan chetda qolmadi. Monumental stadionida tashkil etilgan bahs tashkiliy kamchiliklar va yuzaga kelgan tarang muhit sabab tanqidlarga uchradi.
Nashrning yozishicha, Argentina futbol assotsiatsiyasi milliy jamoa sardorining xayrlashuv uchrashuvini munosib darajada tashkil eta olmagan. Ovoz tizimi, yoritish va tomoshabinlar uchun tayyorlangan shou dasturlarida muammolar kuzatilgan. Hatto dronlar yordamida namoyish etilgan tasvirda Messi to‘pga o‘ng oyog‘i bilan zarba berayotgani aks etgan. Holbuki, argentinalik futbolchi chap oyoqda o‘ynaydi.
Assotsiatsiya tashkiliy kamchiliklarning ayrimlari uchun «River Pleyt»ni ayblashga uringanida, klub vakillari bu da’volarni rad etgan. Shu bilan birga, Messi klub prezidenti Stefano Di Karlo bilan uchrashib, faxriy a’zolikni qabul qilgan. Shuningdek, futbolchi o‘zining Argentina milliy jamoasidagi so‘nggi futbolkasini klub muzeyiga topshirgan.
Hozircha Messi ham, Klaudio Tapia ham yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan rasman izoh bermadi. Biroq «Clarín» nashrining ma’lumotlari uzoq yillar davomida davom etgan hamkorlik jiddiy inqirozga yuz tutganini ko‘rsatmoqda. Messi esa assotsiatsiya atrofidagi mojarolar uning nomi va obro‘siga zarar yetkazishiga yo‘l qo‘ymaslikka qat’iy bel bog‘lagan.