Vali Sultonov: «Bilmadim, biz yutishimiz uchun yana qanaqa o‘ynashimiz kerak?»
Urganchda «Xorazm» «Paxtakor»ni qabul qildi. Murosasiz o‘tgan uchrashuv taqdirini birgina gol hal qildi va mezbonlar yana mag‘lubiyatga uchradilar.
Bellashuvdan keyin «Xorazm» ustozi Vali Sultonov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Bugungi o‘yinga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. To‘g‘ri, uchrashuv nihoyatda qiziqarli o‘tdi. Bilmadim, biz yutish uchun yana qanaqa o‘ynashimiz kerak? Shunga hayron qolyapman. Futbolchilar jonini berib, juda zo‘r o‘ynashdi. Ko‘rsatmalarni yaxshi bajarishdi. Barchasiga rahmat aytaman. Bizni stadionda qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga katta rahmat. Bu bilan to‘xtab qolmaymiz, oldimizda yana o‘yinlarimiz bor. Rejalarimiz katta. Baribir jamoamizni Superligada olib qolmoqchimiz.
- Bugungi o‘yinga rejangiz nechog‘li o‘xshadi?
- Rejamiz – g‘alaba uchun chiqqandik. Haqiqatan imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Oxirida o‘tkazib yubordik. Biz ham gol urdik. Yigitlar yaxshi o‘ynashdi. Nima deyishni ham bilmadim.
- «Xorazm» darvozaboni Umidjon Ergashev haqida fikringiz?
- Umidjonga rahmat, yaxshi o‘ynadi. Bugun barcha futbolchilarga rahmat, barchasi 100 foiz yaxshi o‘ynashdi. To‘g‘ri, omad ham bo‘lishi kerak-da. Endi keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz, safarda o‘ynaymiz. Muxlislar bizga ishonishsin, baribir «Xorazm» jamoasini yuksaltiramiz», - deya Sultonovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.