Kurash. Jahon chempionati oldidan O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkillashtirildi
Kurash bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sportchilari uchun Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi jahon chempionati oldidan O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkillashtirildi.
Jumladan, joriy yilning 21 oktyabrdan 4 noyabrga qadar Toshkent viloyatining Angren shahridagi Dukent sport bazasida kurash sporti bo‘yicha terma jamoa o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga 55 nafar terma jamoa a’zolari jalb qilingan.
Kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari joriy yilning 4-9 noyabr kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Terma jamoa Bosh trenerlari Rizamat Soliyev boshchiligida sportchilarga kurashning sir-asrorlarini o‘rgatishmoqda. Ta’kidlash kerakki, jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, sportchilarni yanada chiniqtirish, kurashning sir-asrorlari va g‘alabalar uchun kerakli bo‘lgan tavsiyalarni mukammal o‘zlashtirish borasida tushuntirishlar olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida jahon chempionatida barcha 16 vazn toifasida 16 nafar, jumladan 8 nafar erkaklar va 8 nafar ayol kurashchilarimiz ishtirok etadi.