“Xorazm” va “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda namanganliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi
O‘zbekiston Superligasi 25-turidan o‘rin olgan “Xorazm” va “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda namanganliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Urganchda kechgan bahsda mezbonlar avtogol evaziga ortda qolishdi, keyin esa bitta gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. Biroq “Navbahor” ustunligini saqlab qoldi.
Uchrashuvni faol boshlagan mehmonlar 3-daqiqadayoq hisobni ochishdi. “Xorazm” himoyachisi Abror Ho‘sinov to‘pni o‘z darvozasidan qaytarib yubormoqchi bo‘lganida, kutilmaganda avtogol muallifiga aylandi — 0:1.
Goldan keyin har ikki jamoa hujumkor futbol namoyish etdi. 17-daqiqada Sardorbek Azimovning zarbasini “Navbahor” darvozaboni Shukron Yo‘ldoshev qaytardi. Bir daqiqa o‘tib esa Husayn Norchayev darvozabon bilan yuzma-yuz chiqdi, ammo Umidjon Ergashev jamoasini muqarrar goldan qutqardi.
24-daqiqada Azimovning bosh bilan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi. 28-daqiqada esa “Xorazm” futbolchisi Rafael Tavaresh ogohlantirildi.
35-daqiqada “Navbahor” hisobdagi farqni oshirdi. Husayn Norchayev chap qanotdan jarima maydonchasiga uzatilgan to‘pni aniq zarba bilan darvozaga joylab, mehmonlarning ustunligini mustahkamladi — 0:2.
Birinchi bo‘lim oxirida Umar Adhamzodaning jarima maydonchasi tashqarisidan bergan zarbasi darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. Qo‘shib berilgan ikki daqiqadan so‘ng jamoalar tanaffusga “Navbahor”ning ikki gollik ustunligi bilan yo‘l olishdi.
Ikkinchi bo‘limni “Xorazm” tarkibdagi o‘zgarishlar bilan boshladi. Elzio Loan va Suxrob Izzatov maydonga tushirildi. 51-daqiqada esa Abror Xo‘sinov o‘rniga Maksim Shiryayev o‘yinga qo‘shildi.
54-daqiqada Jasurbek Jaloliddinovning zarbasini Umidjon Ergashev ushlab oldi. Biroq mezbonlar oradan ko‘p o‘tmay hisobdagi farqni qisqartirishdi.
56-daqiqada Rafael Tavaresh “Navbahor” darvozaboni Shukron Yo‘ldoshev bilan yuzma-yuz vaziyatga chiqib, imkoniyatdan unumli foydalandi — 1:2. Shu tariqa uchrashuvdagi intriga yanada kuchaydi.
58-daqiqada Rustamjon Abduhamidovning zarbasidan keyin Yo‘ldoshev to‘pni qaytardi. 63-daqiqada esa “Navbahor” futbolchisi Ruslanbek Jiyanovning zarbasi darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi.
Uchrashuvning keyingi qismida “Xorazm” hisobni tenglashtirishga harakat qildi. 72-daqiqada Shukron Yo‘ldoshev mezbonlarning navbatdagi hujumini bartaraf etdi. 80-daqiqada Asadbek Rahimjonovning uzoq masofadan bergan zarbasini esa Umidjon Ergashev ushlab oldi.
84-daqiqada burchak zarbasidan keyin “Navbahor” darvozasi oldida xavfli vaziyat yuzaga keldi, ammo to‘p darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. 88-daqiqada Diyor Xolmatovning zarbasini Ergashev qaytardi. Bir daqiqa o‘tib, Yo‘ldoshev ham mezbonlarning navbatdagi hujumida jamoasini qutqardi.
Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda ham kurash davom etdi. 90+1-daqiqada “Xorazm” futbolchilaridan yo‘llangan zarbadan keyin to‘p darvoza to‘siniga tegib qaytdi. 90+2-daqiqada esa zaxiradan maydonga tushgan Joel Kojo darvozabon bilan yuzma-yuz chiqdi, ammo imkoniyatdan foydalana olmadi — uning zarbasi darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi.
Shu tariqa, yakunda “Navbahor” safarda “Xorazm”ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, Superliganing 25-turida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Superliga, 25-tur
“Xorazm” — “Navbahor” — 1:2
Gollar: Abror Xo‘sinov (3, avtogol), Husayn Norchayev (35) — Rafael Tavaresh (56).