“Tenerife” muxlislari vafot etgan futbolchi xotirasiga stadion oldida yodgorlik tashkil etdi
Ispaniyaning “Tenerife” klubi muxlislari 30 yoshida vafot etgan hujumchi Xesus de Migel xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Yuzlab ishqibozlar stadion oldida to‘planib, futbolchini so‘nggi yo‘lga kuzatish maqsadida maxsus xotira burchagini tashkil etdi. Bu haqda Relevo nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, muxlislar “Heliodoro Rodriges Lopes” stadionining 9-raqamli kirish darvozasi yoniga gullar, shamlar, klub sharflari, futbolchining suratlari va xotira maktublarini olib kelgan. Aynan shu darvozaning tanlanishi bejiz emas — Xesus de Migel “Tenerife” safida 9-raqamli futbolkada harakat qilgan.
Yig‘ilganlar futbolchi xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlagan, so‘ng uzoq vaqt qarsak chalib, uning nomini hayqirishgan. Muxlislardan biri klubdan Xesus de Migel o‘ynagan 9-raqamni abadiylashtirishni so‘ragan. Ushbu taklif yig‘ilganlar tomonidan olqishlar bilan kutib olingan.
Ma’lumot uchun, Xesus de Migel 2-noyabr kuni “Andorra”ga qarshi uchrashuvda raqib darvozaboni Xesus Ovono bilan to‘qnashib ketganidan keyin yuragi to‘xtab qolgan. Futbolchi shifoxonaga yetkazilgan, biroq 3-noyabr kuni 30 yoshida vafot etgan. “Tenerife” klubi 7-noyabr kuni stadionda uning xotirasiga bag‘ishlangan ommaviy xotirlash marosimini o‘tkazadi.