Jeyk Pol navbatdagi jangda mag‘lub bo‘lsa, boksni butunlay tark etishini aytdi
Amerikalik bloger va professional bokschi Jeyk Pol navbatdagi jangi faoliyatidagi so‘nggi bellashuvga aylanishi mumkinligini ma’lum qildi. U Sedrik Dumbeni mag‘lub eta olmasa, professional boksdagi ishtirokini yakunlashga va’da berdi. Bu haqda Reuters agentligi 4-noyabr kuni xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Pol va Dumbe 24-dekabr kuni Dubayda sakkiz raundlik jang o‘tkazadi. Amerikalik bokschi bu safar kikboksingda katta tajribaga ega raqibga qarshi ringga ko‘tariladi.
Jeyk Pol oxirgi marta 2025-yil dekabrida Entoni Joshuaga qarshi jang qilgan va oltinchi raundda nokautga uchragan. Ushbu mag‘lubiyatdan keyin uning jag‘i singan va bir nechta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
Ma’lumot uchun, 29 yoshli Polning professional boksdagi rekordi 12 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyatdan iborat. Dumbe esa kikboksingda 75 ta g‘alabaga erishgan.