Frenki de Yong “Barselona” tarixiga kirdi! Bunday natijaga hech bir niderlandiyalik erishmagan
“Barselona” yarim himoyachisi Frenki de Yong kataloniyaliklar safida tarixiy natijani qayd etdi. Niderlandiyalik futbolchi klub safida 300 ta uchrashuv o‘tkazgan ilk vatandoshiga aylandi. Bu haqda “Barselona” rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, de Yong Chempionlar ligasida “Aston Villa”ga qarshi bahsda maydonga tushib, ushbu marrani zabt etgan. U uchrashuvning 70-daqiqasida Pedrining o‘rniga zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan.
Futbolchi bu natija orqali “Barselona”ning sobiq yulduzlari Filipp Koku va Ronald Kuman kabi niderlandiyalik futbolchilarni ortda qoldirdi. Klub uning yutug‘ini maxsus 300 raqamli futbolka bilan nishonladi.
Ma’lumot uchun, de Yong 2019-yilda “Ayaks”dan “Barselona”ga ko‘chib o‘tgan. U kataloniyaliklar safidagi 300 ta uchrashuvda 20 ta gol urgan.