Rafael Nadal “Real Madrid” rahbariyatiga qo‘shilmoqda
Tennis afsonasi Rafael Nadal faoliyatida yangi sahifa ochmoqda. “Real Madrid” klubi 22 karra “Katta dubulg‘a” turnirlari g‘olibini direktorlar kengashi a’zoligiga tayinlashga qaror qildi. Bu haqda “Real Madrid” klubining rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Nadalning klub rahbariyatiga qo‘shilishi ma’qullangan. Biroq ushbu qaror 21-noyabr kuni o‘tkaziladigan klub a’zolarining umumiy yig‘ilishida tasdiqlanishi kerak. Shundan so‘ng ispaniyalik sobiq tennischi Florentino Peres boshchiligidagi rahbariyat tarkibidan rasman joy olishi mumkin.
Nadalning o‘zi ham ushbu taklifni katta mamnuniyat bilan qabul qilganini bildirdi. “Florentino Peres va klub rahbariyatiga menga bildirgan ishonchi uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu taklifni katta ishtiyoq bilan qabul qildim. Yangi narsalarni o‘rganish va klubga qo‘limdan kelganicha foyda keltirishni istayman”, — deya ta’kidladi Nadal.
Ma’lumot uchun, 40 yoshli Rafael Nadal faoliyati davomida 22 ta “Katta dubulg‘a” turnirida g‘olib chiqqan, 92 ta yakkalik sovrini, 2 ta Olimpiada oltin medali va 5 ta Devis kubogini qo‘lga kiritgan. U 2024-yil noyabr oyida professional faoliyatini yakunlagan. Nadal uzoq yillardan buyon “Real Madrid” muxlisi va klubning faxriy a’zosi hisoblanadi.