locale OZ

Temur Kapadze: «Namanganlik muxlislarni xursand qilish uchun kelganman»

«Navbahor» ustozi «Neftchi»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Futbol
Temur Kapadze: «Namanganlik muxlislarni xursand qilish uchun kelganman»
photo: Navbahor FK
O‘zbekiston Superligasi
20.11.2026, Yak.
Navbahor Namangan
3
Neftchi Fargona
2

Vodiy derbisi doirasidagi «Navbahor» va «Neftchi» (3:2) uchrashuvidan keyin namanganliklar bosh murabbiyi Temur Kapadze matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.

- Assalomu alaykum. O‘ylaymanki, bugun muhim g‘alabaga erishdik. Avvalo, futbolchilarimizga katta rahmat aytaman. Muxlislarimiz tomonidan ajoyib qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi, stadionda ajoyib muhit hukm surdi.
Butun Namangan ahlini va jamoamizni ushbu g‘alaba bilan tabriklayman. Birinchi navbatda, «Neftchi» muxlislariga ham rahmat aytamiz. Bugun ikki jamoa muxlislari birgalikda ajoyib muhit yaratishdi. «Neftchi»ning ham juda yaxshi muxlislari bor. O‘ylaymanki, futbol ishqibozlari bugun chiroyli uchrashuvning guvohi bo‘lishdi. Ikkala jamoa ham yaxshi o‘yin namoyish etdi. Xudoga shukr, g‘alaba qozondik. Ayrim hal qiluvchi vaziyatlar ham bizga ustunlik berdi va bu imkoniyatdan foydalanib, g‘alabaga erishdik. Barchaga rahmat.

- Jamoa hisobda oldinda borayotgan bir paytda ikkita gol o‘tkazib yubordi. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz? Futbolchilar konsentratsiyani yo‘qotdimi yoki bu yerda psixologik omil ham ta’sir qildimi?

- Avvalo, biz hisobda oldinda borayotganimizda ikkita gol o‘tkazib yuborganimiz yo‘q. Raqib birinchi bo‘lib gol urdi. Bu vaziyatda himoyachilarimiz va yarim himoyachilarimiz Jamshidning uzatmasiga yo‘l qo‘yib berishdi. Uning paslari yaxshi chiqishini bilishardi, ammo himoyachilarimiz konsentratsiyani yo‘qotishdi. Chunki Alisher Odilov ichkariga kirib kelayotgan paytda uni darhol to‘xtatish kerak edi. Futbolda bunday holatlar bo‘lib turadi, xatosiz o‘yin bo‘lmaydi. O‘sha vaziyatda qiyin ahvolga tushib qoldik. Aslida, yomon o‘ynamayotgan edik, ammo bitta vaziyat gol bilan yakunlandi. Shunga qaramay, ishonchimiz bor edi. Oldimizda hali vaqt ko‘p, o‘z maydonimizda o‘ynayotgandik. Uchrashuvni o‘z foydamizga hal qilish uchun imkoniyatimiz yetarli edi. Balki o‘sha vaziyatlarda futbolchilarimiz biroz bo‘shashgandir. Chunki «Neftchi» kamchilikda qolgan, to‘p nazorati esa bizda edi. Ammo raqib bitta imkoniyatdan yana foydalandi va bizni jazoladi.
Albatta, bu haqda gaplashamiz, xatolarni tahlil qilamiz. Hozir esa oldimizda navbatdagi muhim uchrashuv turibdi. Unga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Bugungi o‘yinga tayyorgarlik jarayoni ham biz istagandek kechmadi. Bilasizlar, milliy jamoada bo‘lgan futbolchilarimiz faqat 19-kuni qaytib kelishdi. Kecha tushlikka yaqin jamoaga qo‘shilishdi. Deyarli birgina mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyati bo‘ldi. Yo‘ldan qaytishdi, keyin kimdir o‘ynadi, kimdir o‘ynamadi. O‘zingiz tushunib turibsiz, qiyinchiliklar bo‘ldi. Shunga qaramay, asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchilar ham, zaxiradan qo‘shilganlar ham yaxshi harakat qilishdi.

- Temur aka, yil davomida «Navbahor»ni boshqarib kelyapsiz va Superliganing turli jamoalariga qarshi o‘ynadingiz. Sizningcha, «Neftchi» bu yil chempion bo‘lishga haqli ravishda yaqin turibdimi? Umuman, joriy mavsumda O‘zbekistonning eng kuchli jamoasi deb aytish mumkinmi?

- Albatta, tarkib jihatidan ham, o‘yin jihatidan ham «Neftchi» yaxshi ko‘rinish hosil qildi. Ayniqsa, birinchi davrani yaxshi o‘tkazishdi. Shuning uchun hozir birinchi o‘rinda turishibdi va menimcha, bunga haqlilar. To‘g‘ri, ayrim o‘yinlarda mag‘lub bo‘lishgan, ba’zi uchrashuvlarda o‘yinlari chiqmagan bo‘lishi mumkin. Agar biz ham birinchi davrada yaxshiroq o‘ynaganimizda, hozir vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin edi.

Bilasizlar, viloyat hokimi «Neftchi»ga qanchalik katta e’tibor qaratadi. Jamoaning bu darajaga yetib kelishida uning hissasi katta. Hozir ham shunday qo‘llab-quvvatlash davom etmoqda.

Umuman, Farg‘ona futboli so‘nggi ikki-uch, hatto to‘rt yil davomida ancha o‘sdi. Infratuzilma ham har tomonlama rivojlanyapti. Buning sababi rahbariyat futbolni yaxshi ko‘radi va sportni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda.

«Neftchi» hozir birinchi o‘rinda turibdi. Bu uning yaxshi jamoa ekanini ko‘rsatadi. Biz esa birinchi davrada o‘zimizga yarasha ko‘p ochko yo‘qotdik. Buning sabablari bor: birinchidan, yangi jamoa edik, ikkinchidan, o‘z maydonimizda o‘ynay olmadik. Ko‘plab omillar ochko yo‘qotishimizga sabab bo‘ldi. Balki hozir boshqacha vaziyatda bo‘lishimiz mumkin edi.

Shunday bo‘lsa-da, ishimizda davom etdik. Qiyin vaziyatlar bo‘ldi, ammo ishonchni yo‘qotmadik. Jamoani shakllantirish, o‘yinni yo‘lga qo‘yish jarayonida rahbariyatimiz, viloyat hokimi va Shavkat Shakirjonovich bizlarni doimo qo‘llab-quvvatladi.

Muxlislarimiz ham bizga katta dalda berishdi. O‘ylaymanki, so‘nggi o‘yinlarda yaxshi natijalar va chiroyli futbol orqali ularni xursand qila oldik. Murabbiy, futbolchi yoki rahbar uchun minglab muxlislarni xursand qilishdan ortiq quvonch bo‘lmasa kerak. Bu bizga qo‘shimcha motivatsiya beradi. O‘yindan o‘yinga kuchayib bordik. Futbolchilar ham, murabbiylar shtabi ham o‘sdi. Eng muhimi, futbolchilarimiz yagona jamoaga aylanishdi.

«Neftchi» esa ko‘p yillardan beri shu maqsad sari harakat qilib kelayotgandi. O‘tgan yili chempion bo‘lishdi, bu yil ham shu maqsadga yaqin turishibdi. Endi futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biz ham oxirigacha kurashamiz.

- Derbi oldidan futbol jamoatchiligida «Navbahor» qo‘shnichilikni o‘ylab, «Neftchi»ga g‘alabani taqdim etadi va uning chempionligiga hissa qo‘shadi, degan gap-so‘zlar ko‘p muhokama qilindi. Bu fikrlarga qanday munosabatda bo‘ldingiz?

- Albatta, biz bir-birimizni hurmat qilamiz. Farg‘ona futboli ham menga begona emas. Balki avval muxlislar orasida qandaydir salbiy munosabatlar ko‘proq bo‘lgandir. Ammo bu yilgi holatga qaraydigan bo‘lsak, har ikki jamoa muxlislari bir-birini yaxshi qo‘llab-quvvatlayapti. Bu juda yaxshi holat.
Albatta, maydonda biz raqibmiz, ammo maydon tashqarisida do‘stmiz. Bir xalqmiz, bir O‘zbekiston farzandlarimiz. Shuning uchun barcha hissiyot va muxlislik faqat o‘yin paytida o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Vodiyda «Andijon»ning ham, «Neftchi»ning ham, «Navbahor»ning ham yaxshi muxlislari bor. Bir-birimizga munosabatimiz doimo yaxshi bo‘lishi kerak. O‘yin vaqtida har kim o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun turli chiqishlar, performanslar uyushtirishi mumkin. Bu tabiiy.

Bugun ham ko‘rdingiz, bizning muxlislarimiz raqib jamoani qo‘llab-quvvatlashdi. Boshqa paytlarda «Neftchi» muxlislari ham bizga dalda berishadi. Bu juda yaxshi.
Maydonda esa bunday narsalarning o‘rni yo‘q. Biz raqibmiz va har birimiz o‘z jamoamiz hamda muxlislarimiz oldida bor kuchimizni berib, faqat mehnat orqali natijaga erishishga harakat qilamiz.

- Adashmasak, siz bilan tuzilgan shartnoma shu yil oxirida yakunlanadi. Ayni paytda milliy jamoa tizimida va xorijdan ham bir nechta takliflar borligi aytilmoqda. Namangan tomonidan yangi shartnoma borasida muzokaralar boshlandimi? Kelgusi rejalaringiz qanday?

- Albatta, takliflar bor. Lekin o‘ylaymanki, viloyat hokimi bilan bu haqda gaplashdik, kelishib oldik. Nasib qilsa, kelasi yili ham shu yerda faoliyatimni davom ettiraman. «Navbahor» jamoasi uchun mehnat qilaman.
Yil davomida bir-birimizga ancha yaqinlashdik, vaziyatni kuzatdik. Rahbariyat bizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. Albatta, boshqa yaxshi variantlarim ham bor. Ammo men bu yerdagi vaziyatni tushuntiraman: shuncha xalq, shuncha muxlis bor. Men ularni xursand qilish uchun kelganman.

«Navbahor» anchadan beri menga taklif bilan chiqib kelayotgandi. Muxlislarning jamoaga bo‘lgan mehrini bilgan holda ularni xursand qilishga harakat qilishni istadim va bu yerga keldim. Xudoga shukr, hozir stadionga shuncha muxlis kelyapti, deyarli to‘ldirishyapti. Qo‘llab-quvvatlash juda yaxshi. Ularning mehrini ko‘rganimdan keyin yanada yaqinlashdik. Shuning uchun aytganimdek, kelishuvimiz bor. Nasib qilsa, «Navbahor»da qolaman.

- Kelasi mavsum uchun tarkibni saqlab qolish rejasi bormi? Agar shunday bo‘lsa, jamoani kuchaytirish maqsadida yana kimlarni taklif etishni rejalashtiryapsiz? Chempionlik uchun kurashish borasida hozirdan qandaydir rejalar bormi?

- Albatta, harakat qilamiz. Kerakli futbolchilarni saqlab qolishga, jamoada olib qolishga intilamiz. Turli sabablar bo‘lishi mumkin, shuning uchun ayrim o‘zgarishlar ehtimoli ham bor. Yangi futbolchilarni taklif qilish masalasini ham ko‘rib chiqyapmiz, kuzatyapmiz. Bu mavsum biz uchun ham katta maktab bo‘ldi. Ko‘p narsani ko‘rdik, tahlil qildik. Kelasi mavsumga yanada yaxshiroq va dadilroq yondashamiz.

- Sizning rahbarligingizda «Navbahor»ning ko‘p yillik ayrim noxush an’analari o‘zgarmoqda. Masalan, «Paxtakor»ni safarda 30 yil deganda mag‘lub etish, shuningdek, boshqa raqiblar bilan o‘zaro o‘yinlarda ijobiy natijalar qayd etish. Yaqin o‘tmishda, Ilhom Mo‘minjonov davrida ham «Navbahor» ikki yil davomida Markaziy o‘yingohda mag‘lubiyatga uchramagan edi. Sizningcha, Temur Kapadze boshqaruvida yana qanday tarixiy natijalarga erishish mumkin? O‘sha an’analarni yangilash vaqti keldimi?

- To‘g‘risini aytsam, bu ayrim tarixiy ma’lumotlardan hatto xabardor ham emasdim. «Paxtakor»ni mag‘lub etganimizdan keyin bu tarixiy g‘alaba bo‘lganini aytishdi. Biz tarixga qarab ish tutmaymiz. Albatta, tarix yaxshi narsa. Ammo biz har bir uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz va o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Hozirgi natijalar ortida katta mehnat bor. Bu faqat mening yoki murabbiylar shtabining emas, futbolchilar, rahbariyat va muxlislarning ham mehnati. Muxlislarimiz bizga juda yaxshi dalda berishyapti, kuch bag‘ishlashyapti. Shu sababdan har bir g‘alabada barchamizning hissamiz bor, deb bemalol ayta olaman. Kimdir ko‘proq, kimdir kamroq hissa qo‘shayotgandir, ammo biz birlashib, shunday kuchga aylandik.

Nasib qilsa, oxirigacha muxlislar bilan birgalikda, yagona kuch va bir oila bo‘lib harakat qilamiz. Siz aytgan tarixiy natijalarni yangilashga ham intilamiz. Kubokdami yoki chempionatdami — bunday natijalar tarixda qoladi. Nasib qilsa, barchamizga shunday tarixiy g‘alabalarga erishish nasib etsin», - deya Kapadzening so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting