locale OZ

Mirko Yelichich: «Men Mourinio emasman»

«Lokomotiv» bosh murabbiyi derbidagi g‘alaba, Jasur Yaxshiboyev va boshqa mavzularda jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
Futbol
Mirko Yelichich: «Men Mourinio emasman»
photo: Lokomotiv fk

«Lokomotiv» klubi «Paxtakor»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. O‘yindan keyin «Loko» bosh murabbiyi Mirko Yelichich matbuot anjumanida qatnashdi.

- Avvalo, o‘yinni yana qiyin boshlaganimizni aytishim kerak. Gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin ham o‘z o‘yinimizni topish oson bo‘lmadi. Biroq bugun jamoamizning xarakterini ko‘rdik. Bu ligada o‘ynash uchun faqat futbolchilarning mahorati emas, xarakter ham muhim. Ayniqsa, sifatli futbolchilar ko‘p bo‘lmagan sharoitda jamoaviy xarakter katta ahamiyat kasb etadi.

Bizning jamoamizda aynan shu jihat bor. Qiyin vaziyatlarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz, jamoa bo‘lib harakat qilamiz. Bugun ham buni ko‘rsata oldik. Yigitlar g‘alabaga munosib harakat qilishdi. Bugungi g‘alabani haqli ravishda qo‘lga kiritdik.

- Jasur Yaxshiboyev haqida. U juda iqtidorli futbolchi, biroq xarakteri ancha og‘ir. Birinchi bo‘limda juda yaxshi o‘ynadi, ko‘p mehnat qildi. Ikkinchi bo‘limda esa charchagani sezildi. Siz uni almashtirishingiz mumkin edi. Bu vaziyatda ikki xil yo‘l bor: charchagan futbolchini almashtirish yoki maydonda qoldirib, yana bir xatosi uchun qizil kartochka olish xavfini o‘z zimmangizga olish. Masalan, Abdumajidov bilan bog‘liq vaziyatda ham shunday holat kuzatildi. Siz Bilolni almashtirdingiz va Jasurni maydonda qoldirdingiz, u gol urdi. Murabbiy sifatida bu vaziyatlarni qanday baholadingiz?

- Biz har bir futbolchining holatini kuzatib boramiz. Eng avvalo, raqibga bosimni davom ettirish uchun kimning imkoniyati ko‘proq ekanini baholaymiz. Bilol, albatta, juda ko‘p mehnat qiladi, jamoaga yordam beradi.

Biroq ayrim muhim vaziyatlarda u yanada yaxshiroq qaror qabul qilishi kerak. Ayniqsa, hujumning hal qiluvchi pallasida. U yaxshi pozitsiyalarga chiqadi, ammo yakuniy qarorlarda ba’zan aniqlik yetishmaydi. Shu jihatdan uning o‘yinini yanada yaxshilash mumkin. Raqib charchagan paytda esa bunday futbolchining imkoniyatlari yanada ortadi. Bilolning maydonda qolishi ham shu nuqtayi nazardan baholandi.
Biz Jasurning intizomi masalasiga kelsak, biz u bilan gaplashdik. U vaziyatni yaxshi tushunadi. Unga jamoaning oldida boshqa vazifalar ham borligini tushuntirdik. Har qanday provokatsiyaga berilmaslik, hissiyotlarni nazorat qilish kerakligini aytdik. U buni to‘liq angladi va maydonda shunga amal qilishga tayyor edi. Bugun u o‘zini yaxshi his qildi, vaziyatni to‘g‘ri baholadi. Biz unga ishondik va bu ishonch o‘zini oqladi.

- Chempionatning yakuniga ham oz qoldi. Yaqin orada jurnalistlar va PFL tomonidan mavsumning eng yaxshilari — eng yaxshi futbolchi, murabbiy va jamoa aniqlanadi. Agar Temurxo‘ja Abduholiqov eng yaxshi futbolchi nominatsiyasiga kiritilsa, uning jamoa o‘yiniga ta’sirini hisobga olgan holda, bunga qanday qaraysiz?

- Bu faqat uning mavsum davomida nima qilgani bilan emas, balki qanday barqaror o‘ynagani bilan ham bog‘liq. Futbolchi bir-ikki marta ajoyib gol urishi, bir nechta o‘yinda yaxshi harakat qilishi mumkin. Ammo har bir uchrashuvda yuqori saviyani namoyish etish juda qiyin.

Barqarorlik — eng muhim jihatlardan biri. Bu futbolchi butun mavsum davomida yuqori saviyada o‘ynagan bo‘lsa, buni alohida e’tirof etish kerak. Bunday barqarorlikni faqat kuchli va sifatli futbolchilargina saqlab qola oladi.
Men uni anchadan beri bilaman, imkoniyatlaridan ham xabardorman. Unga faqat shu darajani saqlab qolishni tilayman. Chunki uzoq vaqt davomida yuqori saviyada o‘ynash oson emas. Xudo xohlasa, kelgusida ham shunday davom etadi.

- Eng yaxshi murabbiy nominatsiyasi haqida nima deysiz?

- Buni men hal qilmayman. Bu masalani boshqalar hal qilishadi. Men Mourinio emasman (kuladi). Ha, menga futboldan boshqa hech narsa kerak emas. Men uchun eng muhimi — jamoamning maydonda yaxshi o‘ynashi. Shunday davrlar ham bo‘lgan: jamoa bilan Kubokda g‘olib bo‘lganmiz, chempionatda ham yuqori natijalarga erishganmiz, Kubokning keyingi bosqichlariga chiqqanmiz, Osiyo kubogida ham ishtirok etganmiz. Shunga qaramay, men o‘zimni eng yaxshi murabbiy deb hisoblashingizni talab qilmayman.

Menga futbolchilarning ishonchi va hurmati muhim. Ular mening oldimga kelib, birgalikda ishlaganimiz uchun rahmat aytishsa, bu men uchun katta ahamiyatga ega. Faqat bugungi natijalar emas, balki avvalgi yillarda birga ishlagan futbolchilarning ham hurmati men uchun qadrli. Ba’zan ular bugungi o‘yinlarda qatnashmasligi mumkin, ammo ular bilan birga mehnat qilganimizni eslab, minnatdorchilik bildirishadi. Men uchun eng katta mukofot shu.

- Bugun Anzur Ismoilovning futbolchilik faoliyati yakunlangani e’lon qilinli. Birinchi davradayoq u faoliyatini yakunlashi mumkin edi. Biroq sizning fikringiz va ta’siringizdan keyin futbolda qoldi. Agar yana o‘ynayotganida u jamoaga yordam berishi mumkinmidi?

- Bu yerda bir nechta jihat bor. Har bir insonning futboldan tashqari ham o‘z vazifalari va hayotdagi maqsadlari bo‘ladi. Uning ham shunday mas’uliyatlari bor edi. Ma’lum bir vaqtda uning oldida boshqa vazifalar paydo bo‘lgan. U futboldan o‘ziga tegishli bo‘lgan barcha narsani olgan, deb aytish mumkin. U o‘ttiz yildan ham ko‘proq juda yaxshi saviyada o‘ynay oladi. Buning o‘zi katta hurmatga loyiq.

Albatta, vaqt o‘tishi bilan yosh, jismoniy holat va boshqa omillar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Menimcha, unda ham shunday davr kelgan. Ammo u bizga mavsum oxirigacha yordam bera oladi. Uning sifati va tajribasi bunga yetadi. Bu borada hech qanday muammo ko‘rmayapman.

- So‘nggi savol. Endi Kubok yarim finalida ham ishtirok etasizlar. Mavsum yakuniga qadar o‘yinlar taqvimi juda zich. Siz esa avval ham zich taqvimda o‘ynash futbolchilar uchun qo‘shimcha muammo emasligini ta’kidlagansiz. To‘rt kun ichida jamoani navbatdagi uchrashuvga qanday tayyorlaysiz? Ruhiy va jismoniy tiklanish masalasi ham muhim. Ayrim murabbiylar har uch kunda o‘ynash futbolchilarda charchoq va jarohatlarga sabab bo‘lishini aytishadi. Siz esa bu fikrga qo‘shilmaysiz. Bu boradagi yondashuvingiz haqida gapirib bersangiz.

- Bilasizmi, bu muammo ko‘plab jamoalarda bor. Mavsum oldidan futbolchilar juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rishadi. Ko‘pchiligi kuniga ikki marta mashg‘ulot o‘tkazadi, zalda ham ishlaydi. Keyin mavsum boshlanadi va ular shu tayyorgarlik davomida to‘plagan imkoniyatlaridan foydalanishadi.
Biz mavsum boshida qanday ishlagan bo‘lsak, o‘sha holatni mavsum oxirigacha saqlab qolishga harakat qilamiz. Orqaga chekinish kerak emas. Futbolchilarimiz kuniga ikki marta mashg‘ulot o‘tkazishga ham, har ikki-uch kunda o‘ynashga ham tayyor bo‘lishlari kerak.

Shunday ekan, mavsum davomida har uch kunda o‘ynash ular uchun mutlaqo kutilmagan holat bo‘lmasligi lozim. Biz futbolchilarni bunga oldindan tayyorlaymiz. Albatta, dam olish ham kerak. Ammo har safar o‘yinlar ko‘payganda charchoqni bahona qilib, mashg‘ulotlardan voz kechish to‘g‘ri emas. Har bir sharoitda o‘z ishimizni davom ettirishimiz zarur», - deya Yelichichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting