Superkompyuter Chempionlar ligasi umumiy bosqichi g‘olibini bashorat qildi
Opta superkompyuteri 2026/27-yilgi Chempionlar ligasi umumiy bosqichi yakunlari bo‘yicha yangilangan prognozini e’lon qildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Fransiyaning PSJ klubi musobaqaning ushbu bosqichini birinchi o‘rinda yakunlash uchun asosiy favorit hisoblanmoqda. Bu haqda Opta Analyst nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Luis Enrike boshqaruvidagi PSJning umumiy bosqichda peshqadam bo‘lish ehtimoli 37,1 foizga baholangan. Ikkinchi o‘rinda 25,4 foizlik ko‘rsatkich bilan Madridning “Real” klubi joylashgan. Kuchli uchlikni esa 21 foizlik imkoniyat bilan Londonning “Arsenal” jamoasi yakunlagan.
Keyingi o‘rinlardan “Barselona” (3,9 foiz), “Bavariya” (3,5 foiz) va “Manchester Siti” (3,1 foiz) joy olgan. Ayni paytda PSJ va “Real” dastlabki to‘rtta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonib, 12 ochkodan jamg‘argan. Mazkur prognoz klublarning Chempionlar ligasida bosh sovrinni qo‘lga kiritish emas, aynan umumiy bosqichni birinchi o‘rinda yakunlash imkoniyatlarini aks ettiradi.
Ma’lumot uchun, Chempionlar ligasining umumiy bosqichida 36 ta jamoa ishtirok etadi. Har bir klub sakkiztadan uchrashuv o‘tkazadi. Yakunda dastlabki sakkizta o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l oladi. 9–24-o‘rinlardagi klublar esa keyingi bosqichga chiqish uchun pley-off bahslarida qatnashadi.