Portugaliya Krishtianu Ronaldu uchun maxsus xayrlashuv marosimi o‘tkazmoqchi
Portugaliya futbol federatsiyasi milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlagan Krishtianu Ronaldu sharafiga maxsus xayrlashuv marosimi tashkil etishni rejalashtirmoqda. Federatsiya 41 yoshli hujumchining mamlakat futboli rivojiga qo‘shgan hissasini munosib taqdirlash niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Portugaliya futbol federatsiyasi rasmiy bayonotida xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, federatsiya Ronalduning terma jamoadagi faoliyatiga yuqori baho berib, uning yutuqlarini alohida e’tirof etgan. “Biz Krishtianu Ronalduning buyuk faoliyatiga munosib hurmat ko‘rsatadigan tadbirni tashkil etish niyatidamiz. Ushbu marosimda muxlislar va butun mamlakat Portugaliya futboliga beqiyos hissa qo‘shgan futbolchini yana bir bor olqishlash va unga minnatdorlik bildirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — deyiladi bayonotda.
Federatsiya Ronalduni milliy jamoaning eng muhim yetakchilaridan biri sifatida ta’riflab, uning fidoyiligi va erishgan natijalari kelajak avlod uchun namuna bo‘lib qolishini ta’kidlagan. Shuningdek, portugaliyalik hujumchiga minnatdorlik bildirilib, terma jamoa uning uchun doimo ochiq ekani qayd etilgan. Hozircha xayrlashuv marosimining sanasi, o‘tkazilish joyi va formati ma’lum qilinmagan. Tadbir maxsus uchrashuv yoki boshqa shaklda tashkil etilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu 2003-yilda Portugaliya terma jamoasida debyut qilgan. U milliy jamoa safida 234 ta uchrashuv o‘tkazib, 146 ta gol urgan va har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan. Shuningdek, Portugaliya bilan 2016-yilgi Yevropa chempionati hamda 2019 va 2025-yillardagi UEFA Millatlar ligasi g‘olibiga aylangan.