locale OZ

“Liverpul” Alissonni tekinga yo‘qotishi mumkin

34 yoshli futbolchining xizmatlariga “Flamengo” klubi qiziqish bildirmoqda.
Futbol
“Liverpul” Alissonni tekinga yo‘qotishi mumkin
Foto: Getty Images

Angliyaning “Liverpul” klubi darvozaboni Alisson Bekker faoliyatini Braziliyada davom ettirishi mumkin. 34 yoshli futbolchining xizmatlariga “Flamengo” klubi qiziqish bildirmoqda. Uning mersisaydliklar bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning yozida yakunlanadi. Bu haqda Sport Witness nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, “Flamengo” rahbariyati Alissonni transfer qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Klubning ayrim vakillari tajribali darvozabonni qo‘lga kiritish tarafdori bo‘lsa, boshqalari uning yoshi va yuqori maoshi sabab ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Agar tomonlar kelishuvga erishsa, braziliyalik futbolchi kelasi yozda erkin agent sifatida jamoaga qo‘shilishi mumkin. “Flamengo” yanvar oyidan boshlab u bilan dastlabki shartnoma imzolash imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Biroq transfer amalga oshishiga bir qator omillar to‘sqinlik qilishi mumkin. Xususan, Alisson faoliyatini boshlagan “Internasional” klubiga qaytish istagini avvalroq bildirgan. Bundan tashqari, “Flamengo”ning moliyaviy imkoniyatlari ham ushbu transferda muhim rol o‘ynaydi. Hozircha darvozabon bilan rasmiy muzokaralar boshlanmagan va tomonlar o‘rtasida hech qanday kelishuv mavjud emas. “Liverpul” esa futbolchi bilan shartnomani uzaytirish imkoniyatini saqlab qolmoqda.

Ma’lumot uchun, Alisson Bekker 2018-yilda Italiyaning “Roma” klubidan “Liverpul”ga transfer qilingan. U mersisaydliklar safida ikki marta Angliya Premer-ligasi, bir marta Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan. Shuningdek, braziliyalik darvozabon 2019-yilda Lev Yashin nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting